Afg‘oniston Prezidentligiga sobiq nomzod Abdulla Abdulla O‘zbekistonga keldi

Jamiyat

image

Afg‘oniston Prezidentligiga sobiq nomzod – ayni vaqtdagi Oliy milliy yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla O‘zbekistonga keldi. U bugun, 11 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi. 

O‘zbekiston tashqi idorasining rasmiy xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida turli sohalardagi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari holati va ularni yanada faollashtirish istiqbollari muhokama qilingan.

Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashilgan.

Shuningdek, transport, logistika, energetika, savdo va ta’lim sohalarida investitsiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Afg‘onistonda tez orada tinchlik va barqarorlikka erishish uchun mazkur mamlakatni Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlariga jalb qilishni jadallashtirishning muhimligi qayd etilgan. 

Muzokaralarda ikki tomon kun tartibining o‘zaro manfaatli boshqa masalalari ham ko‘rib chiqilgani aytilmoqda. 

Ma’lum o‘rnida, joriy yilning 19 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston prezidentligi uchun saylovda mamlakatning amaldagi rahbari Ashraf G‘ani g‘alaba qozongan edi. Ammo Abdulla Abdulla va uning tarafdorlari saylov natijalarini tan olmadi. Oradan bir necha oy o‘tib, Prezident Ashraf G‘ani va Abdulla Abdulla bir necha oy davom etgan siyosiy kelishmovchilikdan keyin hokimiyatni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Abdulla Oliy milliy yarashuv kengashi ijroiya hokimiyati bilan boshqaradi va uning jamoasi kabinetda 50 foiz ulushga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 10 noyabr kuni Shayxay hamkorlik tashkilotining videoanjuman shaklidagi sammitida ishtirok etib, a’zo va kuzatuvchi davlatlar delegatlari e’tiborini yana bir bor Afg‘oniston masalasiga qaratib, Afg‘oniston muammosini hal etish imkonini qo‘ldan chiqarmaslikka chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Abdulla Abdulla

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing