Afg‘oniston OTMlarida o‘qish boshlandi. “Tolibon” talabalarga qanday talab qo‘ymoqda?
Olam
−
06 Sentabr 2021
12728“Tolibon” harakati hokimiyati o‘rnatilgan Afg‘onistonda oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Hokimiyat o‘zgarishi OTMlardagi o‘quv jarayoniga ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.
Harakat universitetlarda talaba qizlar va yigitlar birgalikda o‘qishini taqiqladi. Bu haqda mamlakat Oliy ta’lim vaziri Abdul Baki Haqqoniy ma’lum qildi.
Haqqoniyning ta’kidlashicha, talaba qizlar uchun xavfsiz ta’lim muhiti ta’minlanadi.
Mamlakatning sobiq Oliy ta’lim vaziri Abbos Basirning aytishicha, “Tolibon” o‘tgan 20 yil ichida ta’lim sohasidagi erishilgan yutuqlarini saqlab qolishga va’da bergan.
Jurnalist Bashir Ahmad Gvah Twitter'dagi sahifasida mamlakatda erkaklar ayollarga dars berishi rasman taqiqlangani haqida yozgan.
Jurnalistning yozishicha, bunday qaror qizlarni oliy ma’lumot olish huquqidan mahrum qiladi, chunki universitetlar yetarlicha ayol o‘qituvchilarni yollashga qodir emas.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” vakili Zabihulla Mujohid Afg‘onistonning yangi hukumatida ayol vazirlar bo‘lmasligini aytgan edi, shuningdek, harakat ayollarning Hirot viloyatidagi sanoat zonasiga kirishini taqiqlagan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, “Tolibon” Qobulni egallab, hokimiyatga kelgan kezlari mamlakatda ayollar huquqlarini ta’minlashga va’da bergandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.