Aeroportda portlash bo‘lishi haqida xabar qoldirildi
Jamiyat
−
01 noyabr 2019
12373Mast holatdagi fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida portlash sodir etilishi haqida xabar qoldirib, vahima uyg‘otdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentidan xabar qilishlaricha, joriy yilning 29 oktyabr kuni soat 13:30 da fuqaro Q.T. Jizzax viloyati Arnasoy tumani hududida mast holatda o‘zining (93) 736**** raqamli uyali telefonidan fuqaro M. V. ning nomiga rasmiylashtirilgan (90) 320**** telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Undan ichki ishlar bo‘limining telefon raqamini so‘rab, yaqinda aeroportda portlash sodir bo‘lishi haqida ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng, soat 13:45 da Toshkent shahridagi aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi navbatchilik qismining mas’ul xodimi fuqaro Q.T.ga qo‘ng‘iroq qilgan vaqtida Q.T. unga shu kuni “Toshkent-Istanbul” yo‘nalishi bo‘yicha uchuvchi samolyotda 5-6 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalari olib o‘tilishi, agar aniq ma’lumot kerak bo‘lsa, uchrashib olish kerakligini aytgan.
Ushbu xabar asosida Jizzax viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Q.T. Paxtakor tumani “Dehqon bozori” hududida ushlanib, xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganida, egnidagi sport shimining cho‘ntagida bir dona uyali telefon apparati va unga o‘rnatilgan (93) 736**** raqamli SIM-kartasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 29 oktabr kuni Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
LiveBarchasi