Siz telefoningizni ro‘yxatdan o‘tkazdingizmi? IMEI kodi qanday rasmiylashtiriladi?
Bu qiziq
−
01 noyabr 2019
53097Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kirilayotgan hamda ishlab chiqarilayotgan mobil uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.
Bundan maqsad qarorda keltirilishicha, mobil uskunalar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish, uskunalardan noqonuniy foydalanishning va sifatsiz uskunalar sotilishining oldini olishdan iborat.
Qarorga muvofiq, tizim operatori mobil aloqa operatoridan zarur texnik axborotlarni, shu jumladan, uskuna ishlashi, tarmoqdagi faolligi, real vaqt rejimida amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi axborotlarni olish uchun so‘rov berishi mumkin.
Joriy yilning 1 aprelidan O‘zbekistonda mobil qurilmalar IMEI kodlarini avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan. Bu 3 bosqichda amalga oshiriladi:
• 1 apreldan 1 noyabrgacha — avtomatik (bepul)
• 1 noyabrdan 1 dekabrgacha — ariza orqali (bepul)
• 1 dekabrdan boshlab — ariza orqali (pullik)
Bugungi kunda ishlatib yurgan mobil telefoningiz yoki sim-kartali planshetingizning IMEI (Mobil qurilmaning xalqaro identifikatori) kodlari aloqa operatorlari tomonidan UZIMEI bazasiga avtomatik o‘tkazilgan.
Har kim IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganini uzimei.uz saytidan tekshirishi mumkin. Qurilmangiz IMEI kodini aniqlash uchun *#06# kodini terish kifoya.
1 noyabrdan IMEI kodini avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtadi. Endilikda IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish SMS/USSD so‘rovlar, UZIMEI tizimi operatori, pochta bo‘limlari va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. 1 dekabrgacha bu bepul bo‘ladi.
Agar telefoningiz 2 ta sim-kartali bo‘lsa va undan faqat bitta sim-karta joylashtirib foydalasangiz, unda ikkinchi tomoniga ham sim-karta qo‘yib, uni ham bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Telefonga doimiy ravishda 2 ta sim-karta qo‘yib yurishga zarurat yo‘q.
1 dekabrdan IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun haq olinadi. Bunda narxlar ro‘yxatdan o‘tkazish muddatiga qarab 2 xil bo‘ladi. Masalan, jismoniy shaxslar uchun:
• yangi telefonni ishlatgandan boshlab 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazsa — 44 ming 600 so‘m (20 foiz);
• yangi telefonni ishlatgandan boshlab 30 kundan keyin ro‘yxatdan o‘tkazsa — 55 ming 750 so‘m (25 foiz).
Ro‘yxatdan o‘tkazmasam nima ham bo‘lardi deguvchilar diqqatiga, yangi telefonning IMEI kodi 30 kun ichida ro‘yxatga olinmasa, telefon ishlamay qoladi. Ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina ishlashni boshlaydi. Shuning uchun, telefon sotib olayotganda uning IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tganini albatta tekshiring.
1 noyabrdan boshlab ishlab chiqaruvchisi noma’lum va IMEI kodi haqiqiy bo‘lmagan qalbaki Xitoy telefonlari ishlamay qoladi. Ularni 1 noyabrga qadar bir marta ishlatib, avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazsa bo‘ladi, keyin buning imkoni bo‘lmaydi.
LiveBarchasi