Mobil qurilmalarning IMEI-kodlari ortidan davlat g‘aznasi qanchaga boyidi?
Jamiyat
−
24 may 2021
9685O‘zbekistonda ko‘pchilik odamlarning norozi bo‘lishiga qaramay, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini to‘lov evaziga ro‘yxatdan o‘tkazish boshlanganiga ham mana ikki yil to‘lyapti. Bu tartib mobil qurilmalarning o‘g‘irlanishi va mamlakatga kontrabanda telefon apparatlari kirib kelishiga qarshi kurash sifatida joriy qilingandi. Ammo yaxshi maqsaddagi xizmat negadir odamlarga tekinga emas, to‘lov evaziga ko‘rsatila boshlandi.
QALAMPIR.UZ o‘tgan davr mobaynida qancha mobil qurilmalar IMEI-kodlari ro‘yxatga olingani, buning ortidan davlat g‘aznasiga qancha pul tushganini bilish maqsadida O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi Davlat unitar korxonasiga so‘rov xati yuborgandi. Ushbu so‘rov xatiga javoban Markaz tashkil etilganidan beri qancha IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
“Mobil kurilmalarni o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish Tizimida Respublikamiz hududiga olib kelingan mobil qurilmalarning soni emas, balki murojaatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmalar sonining hisobi yuritiladi. Tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmalarning sonini respublikamizda foydalanishdagi mobil qurilmalarning soni deb hisoblanmaydi, sababi Tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmalar sotuvga chiqarilgan, lekin foydalanilmagan holatda bo‘lishi mumkin”, deyiladi Markaz javobida.
Shuningdek, Markaz bergan ma’lumotga ko‘ra 2019 yil 1 apreldan – 1 noyabrga qadar 42,61 mln. dona IMEI-kodlar avtomatik tarzda mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulash (aktivlashtirish) orqali bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
2019 yil 1 noyabrdan – 1 dekabrga qadar 1,47 million dona IMEI-kodlar Nizomga muvofik jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Tizim joriy qilingandan buyon joriy yil 1 mayga qadar Tizim operatori tomonidan jami — 8,3 millionta IMEI-kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shundan:
• importyorlar tomonidan — 3,8 millionta;
• mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan — 680 mingta;
• jismoniy shaxslar tomonidan — 3,8 millionta.
Shuningdek, Markazning xabar berishicha joriy etilgan tizim va normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar ta’sirida mobil qurilmalarni import xajmi ortmoqda. Xususan, mobil qurilmalar importi 2018 yilda (1,8 mln.doll.) 13,5 ming dona, 2019 yil davomida esa 540,8 ming dona mobil aloqa vositalari import qilingan bo‘lsa, shundan 460,9 ming dona qurilma (85,2 foizi) 2019 yilning noyabr-dekabr oylarida, ya’ni Tizim joriy qilingandan keyin import qilingan. 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 1,5 million donadan oshgan.
Mobil qurilmalar importidan Davlat byudjetiga majburiy to‘lovlar 2018 yilda 5,1 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda (asosan noyabr-dekabr oylaridagi tushum hisobiga) 7 barobarga (35,7 mlrd so‘m), 2020 yilda esa 50 barobarga (250 mlrd so‘mdan ortiq) oshgan. Mazkur tizim mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish jarayonida mobil qurilma IMEI-kodlarini aniklash va faollashtirish maqsadida amalga oshiriladi. Mobil qurilmaning qaysi tizim orqali ishlashi (iOS yoki Android) tizimning ishlash talablariga kirmaydi.
Ma’lumot o‘rnida, respublika xududida mobil qurilmalarni IMEI-kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 778-son qaroriga muvofiq joriy qilingandi. Shuningdek, mobil qurilmaning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini tekshirish uzimei.uz sayti orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Shoxrux Olimjonov
LiveBarchasi