1 apreldan O‘zbekistonda mobil qurilmalarni IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olish boshlanadi
Jamiyat
−
30 mart 2019
97802019 yilning 1 aprelidan O‘zbekistonda mobil qurilmalarni hisobga olish tizimining joriy etilishi boshlanadi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimining operatori sifatida “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK belgilangan bo‘lib, mazkur korxona negizida mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi o‘rnatildi. Mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasining barcha GSM-operatorlari tarmoqlariga ulangan bo‘lib, ular o‘rtasida “onlayn” rejimida o‘zaro ma’ulumot almashish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur tizim import qilinadigan mobil qurilmalarning registratori vazifasini bajaradi.
1 apreldan boshlab O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarning avtomatik tarzda ro‘yxatga olish amalga oshiriladi.
Qurilmani avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun haq olinmaydi.
Mahalliy GSM-operatorlar tarmog‘ida o‘zining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hech qanday harakatlar talab etilmaydi – ro‘yxatga olish harakatlari tizim operatori va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hisobga olish va qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:
1) kontrafakt qurilmalarni – ya’ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani,
2) o‘g‘irlanganlik yoki yo‘qotganlik sababidan “qora ro‘yxat”ga kirib qolgan qurilmani,
3) bojxona nazoratidan o‘tmagan qurilmalarni.
Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini to‘g‘riligini – UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.
Hisobga olish va ro‘yhatdan o‘tkazish tizimi, shuningdek, GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvini o‘rnatishga, qolaversa, o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan abonent qurilmalari ro‘yxati almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi. Ayni paytda, O‘zbekiston hududida va aksincha GSMA’ga a’zo kompaniyalar tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasining “qora ro‘yhati”ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni bo‘lmaydi.
Mobil terminallarni hisobga olish nazorati tizimi quyidagilarga imkon beradi:
Abonent qurilmalaridan foydalanish yoki o‘g‘irlangan qurilmalar bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish va aniqlash.
O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy, kontrabanda yo‘l bilan abonent qurilmalarini olib kelinishini cheklash.
Xaridorlarga abonent qurilmalarini sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini ta’minlashga yordam berish.
Xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sog‘lig‘ini himoyalash.
Kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalari noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash.
Qayd etilishicha, Vazirlik 2019 yil mobaynida O‘zbekiston mobil aloqa abonentlari uchun noqulaylik tug‘ilishining oldini olish va aholi xabardorligini oshirish maqsadida keng tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yadi.
LiveBarchasi