Adolat parodiyasi – BMT vakili Qoshiqchi qotilligi bo‘yicha sudga shubha bildirdi
Olam
−
08 Sentabr 2020
4095Birlashgan Millatlar Tashkilotining suddan tashqari qotillik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Agnes Kallamard Saudiya Arabistoni sudining jurnalist Jamol Qoshiqchining qotillariga nisbatan chiqargan hukmini yuqori martabali sheriklariga jazodan qochishga imkon bergan "adolat parodiyasi" deb atadi.
“Saudiya Arabistoni prokurori bugun ushbu adolat parodiyasi doirasida yana bir harakatni amalga oshirdi. Ammo bu jumlalarda hech qanday huquqiy yoki axloqiy qonuniylik mavjud emas”, deydi Kallamard.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistning o‘ldirilishi bo‘yicha sud jarayoni "na halol, na adolatli va na oshkora" o‘tgan.
"Yollangan beshta qotil 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, ammo Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishini tashkil qilgan va qo‘llab-quvvatlagan yuqori lavozimli amaldorlar boshidanoq erkinlikda qolmoqda - tergov va sud ularga deyarli tegmadi", deb yozgan Kallamard Twitter’dagi sahifasida.
Joriy yilning 3 iyul kuni Turkiyada Jamol Qoshiqchining qotillariga nisbatan sud boshlangan edi. Unda ishtirok etgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining suddan tashqari qotillik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Agnes Kallamard sudga Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning ham jalb qilinishi kerakligini aytgandi.
"Davlat tepasida turgan shaxs, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning shaxsiy javobgarligiga kelsak, u o‘z mamlakatidagi har qanday jiddiy tergovdan yaxshi himoyalangan", deydi Kallamard.
Kecha, 7 sentyabr kuni Saudiya Arabistoni sudida Istanbuldagi Saudiya Arabistoni Bosh konsulligi binosida “The Washington Post” gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasidan mahkama bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Qirollik Bosh prokuraturasining rasmiy vakili qotillikda ayblangan sakkiz kishining besh nafariga 20 yil qamoq jazosi tayinlangani, bir kishi o‘n va yana ikki nafar ayblanuvchi yetti yilga qamalganini ma’lum qildi.
Rasmiy Anqara mazkur qotillik bo‘yicha sudni Saudiya Arabistonida emas, balki Qoshiqchi o‘ldirilgan Istanbulda tashkil etilishi tarafdori ekanini ma’lum qilib, Ar-Riyodni jurnalistning qotilligiga aloqadorlarni ekstraditsiya qilishga chaqirdi.
Ma’lumot o‘rnida
Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini xabar qildi.
Saudiya Arabistoni Bosh prokurori 2018 yil 15 noyabrda tergovning dastlabki natijalarini e’lon qildi: qirollikning 11 fuqarosi qotillikka aloqadorlikda ayblanib, ulardan besh nafari o‘lim jazosiga mahkum etildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi.
Istanbul prokuraturasi esa Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.
LiveBarchasi