Qirg‘izistonlik baxshi mustaqillik bayramida siyosatni tanqid qilib qo‘shiq kuyladi
Olam
−
06 Sentabr 2020
11655Kuni kecha Qirg‘izistonda mamlakat mustaqilligining 29 yilligi nishonlandi. Poytaxt Bishkekda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Prezident Sooronbay Jeenbekov ham ishtirok etib, nutq so‘zladi. Davlat rahbari nutqidan keyin bayram konserti taqdim etildi va Prezident Jeenbekov ham tomoshabinlar qatoridan o‘rin egalladi. Konsertda baxshi Aali Tutkuchev qo‘shiq aytib, COVID-19 epidemiyasi aslida Qirg‘izistonning sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, tashqi siyosat, davlat boshqaruvi va boshqa sohalardagi barcha muammolarini ochib berganini kuyga soldi.
U dolzarb masalalar – korrupsiya, amaldorlarning oddiy odamlar hisobiga boyib ketishi, bojxonadagi o‘g‘irlik, saylovlarda ovozlarni sotib olish orqali g‘alaba qilish va boshqa muammolarni tanqid qildi. Prezident tez-tez gapiradigan raqamlashtirish mavzusida ham kuylab, korrupsiyaga botgan idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun onlayn rejimga o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
Ayni vaqtda qirg‘izistonliklar orasida baxshining qo‘shig‘i kun tartibiga chiqqan. Ayniqsa, u bu qo‘shiqni bayram tadbirida, yana Prezident Jeenbekovning qarshisida kuylashi, odamlarni uning kelgusi taqdiri haqida o‘ylashga majbir qilmoqda. Prezident Sooronbay Jeenbekov esa “Birinchi radio”siga intervyu berib, baxshi Aali Tutkuchevning chiqishiga munosabat bildirdi.
“Baxshimiz davlat siyosati masalasiga, xususan, mening prezidentlik faoliyatimning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Bu, albatta, jamoatchilik e’tiborini tortmasligi mumkin emas. U avvalo, xalqning xabarchisi, ularning orzu-intilishlarining namoyandasi”, deydi davlat rahbari vazminlik bilan.
Sooronbay Jeenbekov mamlakat bo‘ylab ko‘p sayohat qilishini, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazishini, bu uchrashuvlarda odamlar turli savollar va muammolar bilan murojaat qilishlarini ta’kidladi.
“Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolardan, ommaviy axborot vositalaridan ma’lumot olaman. Bizda ochiq jamiyat mavjud. Muammolarni yashira olmaymiz. Xalqdan, jamiyatdan nimanidir yashirish mumkin emas.
Ikki yildan beri men ushbu muammoli masalalarni ko‘tarib, ularni hal qilish ustida ishlayapman. Ayniqsa, mamlakatni raqamlashtirish bo‘yicha qizg‘in ishlar olib borilmoqda.
Masalan, bojxonalarni oling. Ushbu sohada ishlaydigan aloqalar, sxemalar yillar davomida o‘rnatildi.
Xuddi shu holat nafaqat bojxona sohasida, balki boshqa ko‘plab sohalarda ham bo‘lgan.
Biz bu yo‘nalishda faol kurash olib bormoqdamiz. Mening raqamli siyosatimning asosiy maqsadlaridan biri bu inson omilini yo‘q qilishdir. Ushbu sohalarda korrupsiyani yo‘q qilish”, deydi Prezident.
Davlat rahbari so‘zida davom etarkan, raqamlashtirish va bu orqali korrupsiyaga barham berish usulini o‘z o‘ylab topmaganini, dunyoning ko‘plab yetakchi davlatlari raqamlashtirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi.
“Buni oldin ham aytganman va yana takrorlayman: faqatgina jazo choralari bilan korrupsiyani tugata olmaymiz. Aynan raqamli texnologiyalar bizni, mamlakatimizni va xalqimizni korrupsion unsurlardan xalos qiladi. Shu sababli, men mamlakatning raqamlashtirish siyosatiga alohida e’tibor beraman.
Qaysi hududga tashrif buyursam, faoliyatning asosiy yo‘nalishlari – bojxona, soliq sohalarida, sud tizimida, mahalliy hokimiyat organlarida raqamlashtirish siyosatining amalga oshirilishiga e’tibor qarataman”, deydi Prezident.
Uning ta’kidlashicha, davlat xizmatlarini, ayniqsa, davlat byudjetiga tushadigan mablag‘larni raqamlashtirishsiz davlat hokimiyati obro‘sini ko‘tarib bo‘lmaydi.
Jeenbekovning fikricha, baxshi Aali Tutkuchev o‘z chiqishi orqali Prezidentning siyosatini xalqqa yanada yaqinlashtirgan.
“Men baxshilarning o‘z chiqishlarida jamiyatning og‘riqli nuqtalarini ko‘rsatib berishida hech qanday yomonlik ko‘rmayapman. Biz barcha salbiy holatlarga qarshi faol kurash olib boryapmiz, bu vaqt talab etadi.
Menimcha, baxshilar faqat xalqning orzu-umidlarini hokimiyatga yetkazish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ularning vazifalaridan biri ham kerak bo‘lsa tanqid qilish bilan rasmiylarga ta’sir o‘tkazishdir.
Aali Tutkuchev bunday imkoniyatga ega edi. Va u bundan foydalandi. Menimcha, u to‘g‘ri ish qildi”, deydi Qirg‘iziston rahbari.
LiveBarchasi