Ota-onam bir kunda qarishgan – 10 yoshida poyezd tagida qolgan Murodjon bilan suhbat
Intervyu
−
25 avgust 2020
197862006 yil. 11 yashar Murodjon sho‘xligi sabab poyezd tagida qoldi va oyoqlaridan bir umrga ajradi. Biroq, umidini so‘ndirmadi, orzulari armonga aylanishiga yo‘l qo‘ymadi. Uning boshidan o‘tganlarni eshitib, xushchaqchaqligini ko‘rib, hayotimizda uchrab turadigan ayrim kam-kestlarga noshukrlik qilishimizdan uyalamiz. Keling, bular haqida qahramonimizning o‘zi gapirsin.
“...yolg‘iz farzand erkatoy bo‘ladi”
Kamina Murodbek Jigitov. 1995 yilda Sirdaryo viloyati Sirdaryo shahrida tavallud topganman. Oilada uch kishimiz – otam, onam va men.
Men yolg‘iz farzandman. Nafaqat yolg‘iz, balki Allohdan so‘rab kutilgan farzand desa ham bo‘ladi. Ota-onam kech turmush qurishgan, mendan keyingi ukalarim olamdan o‘tib qolgan. Yolg‘iz farzand bo‘lsam ham erkatoy bo‘lmaganman. Ko‘pchilik aytadi: yolg‘iz farzand erkatoy bo‘ladi. Yo‘q, otam juda qattiqqo‘l bo‘lganlar, ular bilan ko‘z orqali gaplashar edik. Mehmonga borganimizda kimdir erkalab, shirinlik bersa, dadamga qarardim, menga qarasalar demak olish kerak emasligini bilardim.
O‘sha vaqtlari xo‘rligim kelardi. Dadam amakimning o‘g‘illarini erkalab, meni erkalamasalar xafa bo‘lardim. Lekin yaqinda bu uchun dadamga rahmat aytdim. Chunki, dadamni bergan shu tarbiya men uchun poydevor bo‘lgan.
Onam haqida aytsam, ularga ta’rif berishim juda qiyin. Ta’riflashga harakat qilaman: onam doim sen haqsan, haq yo‘ldasan, deb aytadilar. Shukurki, shu kungacha onamga ortimdan yomon gap bormagan. Balki shu sababli ham menga ishonadilar. Doim “o‘g‘lim sen nima qaror qabul qilsang men roziman”, deydilar. Menga qarshi chiqmaydilar.
“Ota-onam bir kunda qarishgan”
Onamga juda qiyin bo‘lgan. Men bu ahvoldaman, oilaviy mojarolar degandek... Toshkentga ketib qolganman. Onam bularning hammasini yengib o‘tganlar. Onamga o‘xshagani yo‘q.
Bu holatga tushishimga baxtsiz hodisa sabab bo‘lgan. Bolaligimda juda sho‘x bo‘lganman. Beshinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarim poyezd tagida qolganman.
O‘sha kuni buvimning uylariga borishim kerak edi, onam yubormagandilar. Men buvimnikiga borib, hamma uxlaganda velosipedni olib qochardim. Ammo bunday bo‘lmadi. Mol boqishga chiqib bolalar bilan qiziqib poyezdga osilganmiz. Oxiri nima bilan tuganini ko‘rib turibsiz
O‘sha vaqtlar oilamizga, ayniqsa, ota-onamga juda og‘ir bo‘lgan. Ba’zan bir kunda qaridi deb aytishadi-ku, meni ota-onam ham bir kunda qarishgan.
“Nasib qilsa, Tokioga ketaman”
Yasama oyoqlar borligini bilganimizda hayotga bo‘lgan ishtiyoqim juda oshgan. 2006 yilda shu hodisa ro‘y bergan bo‘lsa, yil oxirida yasama oyoq, ya’ni protez kiyib, oyoqqa turib yurganman. Bu ham Yaratganning bir sinovi. Shu sabab nolimayman. Oyog‘im yo‘q degani – bu kamchiligim yoki kimgadir qaram bo‘lishim kerak degani emas. Doim o‘zimni o‘zim eplashga, ehtiyojlarimni qondirishga harakat qilaman. Hayotdagi eng oliy maqsadim yurtimizga foydasi tegadigan inson bo‘lish, ota-onamning yuzlarini yorug‘ qilish. Bu maqsadim yo‘lida ko‘plab intilishlar bor.
Sport – hayotim mazmuni. Og‘ir atletika, suzish. Yengil atletika yo‘nalishi bo‘yicha ham shug‘illanish niyatim bor. Tokio olimpiadasi bir yilga qoldirildi. Agar nasib qilgan bo‘lsa ketamiz.
“Men endi qanday qilib tobut ko‘taraman”
Poyezd tagida qolganimda bola bo‘lganman, ko‘p narsaga aqlim yetmagandir. O‘shanda rosa yig‘laganman, lekin bu ko‘z yoshlar og‘riq uchun emasdi. Men og‘riqni his qilmaganman. O‘rnimdan turaman deganimda tura olmaganman. Qarasam, oyog‘im yo‘q edi.
Dadam “sen mening davomchimsan, tobutimni ko‘tarasan”, deb ko‘p aytardilar. Oyoqlarim kesib tashlanganda, xayolimdan faqat dadamning gapi o‘tardi. Men endi qanday qilib tobut ko‘taraman, deb yig‘laganman.
“...bo‘lib o‘tgan voqealar onamning qaddini bukdi”
Oradan ozgina vaqt o‘tdi. Tog‘am uyimizga kelib menga tushkunlikka tushmasligimni aytdilar. Bir kino diskini berdilar. Filmda oyog‘i yo‘qlar futbol o‘ynab yurgani tasvirlangan. Menda hayotga nisbatan yangi umid uchquni paydo bo‘ldi. Toshkentga keldik, protez buyurtma qildik. Oradan olti oy o‘tib protez kiyganimda, bo‘yim onamnikidan ham baland bo‘lib ketdi. Yo mening bo‘yim o‘sdi, yo bo‘lib o‘tgan voqealar onamning qaddini bukdi. O‘shanda o‘zimga o‘zim so‘z berdim. Endi onamning bo‘yi cho‘kmaydi, qaddi bukilmaydi. Endi o‘zim uchun o‘zim harakat qilaman.
2007 yilda 100-maxsus maktab-internatiga o‘qishga qabul qilinganman. Boshida qo‘rquv bo‘lgan. Boshqa muhitda yashagan odam yangi sharoitga moslashishi qiyin kechadi. Lekin maktab o‘quvchilari oldida o‘zimni erkin his qilganman. Protezda bo‘lganim uchun oyog‘im yo‘qligi bilinmas edi. Ular bilan o‘qish, u yerdagi muhit menga yoqqan. Ko‘p narsa o‘rganganman.
“Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan”
2007 yildan buyon Toshkentda yashayman. Sirdaryoga vaqtincha borib qaytaman. Kislorod manbaim Toshkent desam ham bo‘ladi. Sirdaryoda, hatto, qo‘shnilarni ham tanimay qolganman.
Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan deyishadi-ku. Toshkentga kelganimga shuncha bo‘lgan bo‘lsa, juda ko‘p odamni ko‘rdim, tanishdim. Ularning orasida to‘g‘risi ham, o‘g‘risi ham bor. Nolimayman, chunki bularning barchasi insonga dars bo‘ladi. Birni ko‘rib fikr, birni ko‘rib shukur qilasan. Men hayotim davomida ko‘plarni ko‘rib shukur qilganman. Aytishadi-ku Yaratganning har bir ishida hikmat bor.
Avvallari holatimdan juda uyalardim. Respublika rassomlik kollejida o‘qiganman. Kursdoshlarim oyog‘im shunaqaligini 3-kursda bilishgan. Doim shimda yurganman va hech kimga aytmaganman. Yurishim boshqacharoq edi, boshqalardan ajralib turardim.
“Nogironlik nafaqamni olmayman”
2014 yil kollejni bitirib, oliygohga hujjat topshirganman. Imtihonlardan o‘ta olmadim. 2015 yilda qayta topshirish niyatim bo‘lmagan. O‘qishga kirishdan umidimni uzdim. Lekin yo‘q joydan Xitoyga grant yutganman. Nogironlar jamiyati qoshida Xitoy madaniyati va san’ati mavzuda tanlov o‘tkazildi. Men Xitoy kung-fu maktabi maketini yasagandim. Unda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, bir yillik grantni yutib oldim. Grant asosida Xitoyning Shinjon shahriga ketdim. U yerda bir yil o‘qiganim ham menga juda yaxshi ta’sir qilgan. Odamlar bir-biridan uyalmaydi. O‘qish boshlanganidan ikki hafta o‘tib, protezim sinib qoldi. Noiloj aravachada o‘qishga borganman. Yangi protez olgunimcha uch oy shu aravachada o‘qishga qatnadim.
Bugungacha juda ko‘p joyda ishlagadim. Alisher Navoiy teatri rekonstruksiya bo‘lganida ustalik qildim, yana kafeda ham ishladim. Mehnatdan hech qachon uyalmaganman. Inson o‘zi uchun o‘zi harakat qilishi, mehnatdan uyalmasligi kerak. Qachonki kishi o‘zini eplasa, o‘zi uchun harakat qilsa, o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshadi. Men nogironlik nafaqamni olmayman. Ota-onamga meni biror joyda yarim stavka ishlaydi deb o‘ylab, nafaqamni sizlar olinglar, yo‘limni topib olgunimcha menga tegmanglar, deb aytganman.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Boshqaruv fakultetida o‘qiyapman. O‘qishni tugatsam, shu sohaning yaxshi mutaxassisi bo‘lish niyatidaman. Lekin sportni ham tashlash niyatim yo‘q.
LiveBarchasi