Adliya vazirligi Xayrullo Bozorovga tuhmat qilgan OAVlarga ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
31 iyul 2021
13712Shu kunlarda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning davolanish ta’tilida bo‘lib turganli bilan bog‘liq vaziyat fonida media-makonda boshqa asossiz ma’lumotlar ham tarqatildi. Adliya vazirligi mazkur holatga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanishicha, “Bugun.uz” nashri “Farg‘ona viloyati hokimi “tadbirkordan 400 ming dollar pora olgani aytilmoqda”, deb nomlagan xabar e’lon qildi. Xuddi shunga o‘xshash material “Effect.uz” saytida ham e’lon qilingan.
Vazirlik mazkur holatga munosabat bildirib, mazkur ikki OAV Xayrullo Bozorov haqidagi xabarlarida atayin axborotni manipulyatsiya qilgan holda asossiz ma’lumot tarqatganini ta’kidladi.
“Ushbu xabarlar bo‘yicha keyinchalik tegishlicha raddiyalar berilgan bo‘lsa-da, birinchi tarqatilgan xabar O‘zbekiston qonunchiligidagi ommaviy axborot vositalariga nisbatan belgilangan qoidalar va sohadagi mavjud tamoyillarga mos emasligini ta’kidlash lozim. Chunki huddi shunday noxolis va tekshirilmagan axborotni tarqatish orqali har qanday insonning ishchanlik obro‘si, sha’ni va qadr qimmatiga putur yetkazish mumkin. Keyinchalik raddiyalar berish orqali esa, na dastlabki qonunchilikni buzilish holatini yo‘qqa chiqara olish mumkin, na keltirilgan ma’naviy ziyonning o‘rni qoplanadi”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Shu o‘rinda Adliya vazirligi ommaviy axborot vositalariga quyidagi amaldagi qonun talablariga rioya qilish lozimligini eslatib o‘tgan.
Birinchidan, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Ikkinchidan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilish jurnalistning majburiyati hisoblanadi.
Uchinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasiga muvofiq, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
To‘rtinchidan, Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga muvofiq, o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va ma’naviy ziyonning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019 yil 17 iyuldagi IV konferensiyasida qabul qilingan O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksida jurnalist shaxs sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligi belgilangan.
UNESCO tomonidan 1983 yilda qabul qilingan Jurnalistikada kasb etikasi xalqaro prinsiplariga ko‘ra, jurnalist o‘zining ijtimoiy mas’uliyatini his qilishi lozim, ya’ni jurnalist nafaqat qonun oldida, balki jamoatchilik oldida ham mas’uldir.
“Yuqoridagi materiallarda mas’ul mansabdor shaxsning go‘yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi haqida xabar berilib, jurnalistik etika standartlari chegaralaridan chiqilganligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
Adliya vazirligi so‘z va fikr erkinligi O‘zbekistonning demokratik taraqqiyotini harakatga keltiruvchi kuch ekanligini yana bir bor e’tirof etgan holda, ommaviy axborot vositalarining qonun oldidagi mas’uliyati fuqarolarga nisbatan bir necha karra yuqori ekanligini ham ta’kidlaydi.
O‘zbekiston axborot makoni va tarqatilayotgan axborotlar nafaqat qonunchilikka, balki jurnalistika sohasidagi odob-ahloq qoidalariga to‘la mos bo‘lishi, kelajakda yurtimizda sog‘lom ijtimoiy-siyosiy muhit va jamiyatda konstruktiv muloqot yaratilishi uchun juda muhim omil ekanligini unutmaslik lozim”, deydi vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov joriy yil iyun oyi oxiridan beri Toshkentda davolanmoqda. U bel sohasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.
LiveBarchasi