Adabiyot muzeyi faoliyati tugatiladimi? Rasmiy izoh berildi
Jamiyat
−
14:07 1624 2 daqiqa
Avvalroq, yozuvchi Shukur Jabbor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqib, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyatini saqlab qolish va uning taqdiriga e’tibor qaratishni so‘ragani haqida xabar berilgan edi. Mazkur murojaat yuzasidan Fanlar akademiyasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, muzeyda amalga oshirilayotgan ishlar uning faoliyatini to‘xtatishga emas, balki nodir qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa eksponatlarni yanada xavfsiz va zamonaviy sharoitda saqlashga qaratilgan. Mazkur jarayonlar yangi muzey binosi foydalanishga topshirilgunga qadar vaqtinchalik chora sifatida amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 20 maydagi 234-F-son farmoyishiga muvofiq, Adabiyot muzeyining yangi binosi Yangi Toshkent shahrida barpo etilayotgani hamda muzey fondidagi qimmatli manbalarni saqlash maqsadida ularni bosqichma-bosqich ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, qo‘lyozma va toshbosma manbalar, shuningdek “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga vaqtinchalik saqlash uchun joylashtirilgan. Muzeyning boshqa eksponatlari esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya institutiga vaqtincha ko‘chirilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil 9 iyun kuni 847 ta nodir qo‘lyozma Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga joylashtirilgan. Shuningdek, 1 491 ta toshbosma manba, 439 papkada foto-nusxalar, 145 papkada plyonka va negativlar hamda 1 416 512 hujjatdan iborat arxiv fondi birlamchi xatlovdan o‘tkizilgan.
Ayni paytda muzey tomoshabinlar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopiq bo‘lsa-da, xodimlar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Eksponatlarni inventarizatsiya qilish va hujjatlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu jarayonlarning barchasi muzey faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda madaniy merosni ishonchli saqlash maqsadida amalga oshirilgan. Mutasaddilar esa jamoatchilikdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga emas, rasmiy axborotlarga tayanishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Shukur Jabbor o‘z murojaatida muzey o‘zining amaldagi binosidan ko‘chirilayotgani hamda hozircha muzey uchun yangi bino ajratilmagani, uning ayrim eksponatlari esa vaqtincha Islom sivilizatsiyasi markazining yerto‘lasiga joylashtirilganini ma’lum qilgan edi.