Davlat va jamoat arbobi Zafar Hakimov vafot etdi
Jamiyat
−
26 may 8455 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik institutining tasviriy va amaliy san’at bo‘limi mudiri, yirik davlat va jamoat arbobi Zafar Abdullayevich Hakimov vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Zafar Hakimov 1942 yil 14 avgustda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 1964 yilda Toshkent davlat universitetini tugatgan. 1964-1985 yillarda San’atshunoslik institutida laborant, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy kotib lavozimlarida faoliyat yuritgan.
U turli yillarda davlat tashkilotlarida rahbar va mas’ul lavozimlarda, xususan 1985-1988 yillarda O‘zbekiston Badiiy fondi direktori, 1988-1990 yillarda O‘zbekiston KP markaziy qo‘mitasi madaniyat bo‘limi mas’ul xodimi, 1990-1992 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparati madaniyat, fan, ma’naviy tarbiya masalalari bo‘yicha yetakchi konsultanti, 1992-1993 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, vaziri, 1993-1995 yillarda O‘zteleradiokompaniya raisining birinchi o‘rinbosari, 1995-1997 yillarda O‘zteleradiokompaniya raisi, 1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparati jamoat tashkilotlari bilan aloqalar bo‘yicha yetakchi konsultanti va 1998-1999 yillarda “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti yetakchi ilmiy muharriri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
1999 yildan boshlab “Moziydan sado” ilmiy-amaliy, ma’rifiy jurnalining Bosh muharriri lavozimida mehnat qilib kelgan. Faoliyati davomida tarix, arxeologiya, arxitektura masalalariga bag‘ishlangan 50 ta maqolalari, monografiya va qo‘llanmalari respublika nashrlarida chop etilgan. Olim 1970-1979 yillarda sovet-afg‘on arxeologik ekspeditsiyasi tarkibida Shimoliy Afg‘onistonda o‘nlab qadimiy voha va manzilgohlarni kashf etgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Galina Pavlovna Matviyevskaya Rossiyaning Orenburg shahrida 94 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi