Ikkita sayyoraga o‘zbek olimlarining nomi berildi
Jamiyat
−
13:38 1212 3 daqiqa
Ikki kichik sayyoraga Astronomiya institutining ikki nafar o‘zbek olimlarining nomi berildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 9 iyul kuni Xalqaro astronomiya jamiyatining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi - Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomlari ikki kichik sayyora asteroidga berilgani ma’lum qilingan. Yangi nomlar WGSBN Byulletenining 6-jild, 11-sonida e’lon qilingan.
Endilikda xalqaro astronomik kataloglarda ushbu osmon jismlari (131358) "Kamolergashev" va (121339) "Otabekburkhonov" nomlari bilan qayd etiladi.
Xalqaro kataloglarda dastlab 2001 KA2 raqami bilan ro‘yxatga olingan asteroid 2001 yil 19 mayda Chexiyadagi Ondřejov observatoriyasida chex astronomlari tomonidan kashf etilgan. Ushbu asteroidga Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev sharafiga “Kamolergashev” nomi berildi.

Rasmiy nomlash izohida Kamoliddin Ergashev 2007 yilda Astronomiya institutining Asteroidlar tadqiqotiga qo‘shilgani va 2024 yilda shu yo‘nalishda falsafa doktori ilmiy darajasini olgani ta’kidlangan. Uning ilmiy faoliyati asteroidlar fotometriyasi, ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, asteroidlarning fizik xususiyatlarini aniqlash, shuningdek, asteroid juftliklari, klasterlari va qo‘shaloq asteroid tizimlarini kuzatib o‘rganishga qaratilgani keltirilgan.
Xalqaro kataloglarda dastlab 1999 TO15 vaqtinchalik belgilanishiga ega bo‘lgan asteroid 1999 yil 13-oktabrda chexiyalik astronomlar tomonidan kashf etilgan. Asteroidga Astronomiya instituti laboratoriya mudiri Otabek Burxonov sharafiga “Otabekburkhonov” nomi berildi.
.jpg)
Rasmiy izohda Otabek Burxonov 2000 yildan buyon Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutida faoliyat olib borayotgan astronom sifatida qayd etilgan. U 2005 yilda fan nomzodi ilmiy darajasini olgan. Olimning tadqiqotlari optik fotometriyaga bag‘ishlangan bo‘lib, asteroidlarning ravshanlik egri chiziqlarini o‘rganish, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda Maydanak observatoriyasida gamma-chaqnashlarning keyingi optik kuzatuvlarini qamrab oladi.
Fanlar akademiyasining ta’kidlashicha, asteroidlarga olimlarning ismini berish ularning ilmiy faoliyati va fan rivojiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda e’tirof etishning o‘ziga xos shaklidir. Tasdiqlangan nomlar xalqaro astronomik nomenklaturaga kiritiladi hamda kelgusidagi ilmiy maqolalar, kataloglar va efemeridalarda ob’ektlarning rasmiy nomi sifatida qo‘llanadi.
“O‘zbekistonlik ikki astronomning nomi asteroidlarga berilgani O‘zbekiston astronomiyasi uchun quvonchli va faxrli voqeadir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti jamoasi Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonovni ushbu yuksak xalqaro e’tirof bilan samimiy muborakbod etadi hamda ularga yangi ilmiy natijalar, muvaffaqiyatli kuzatuvlar va kelgusi tadqiqotlarida ulkan zafarlar tilaydi”, deyiladi FA axborotida.
Ma’lumot o‘rnida, bu ikki olim NASA'ning sayyoraviy modofaa tajribasi doirasidagi faol ishtiroki va hissasi uchun NASA tomonidan “Group Achievement Award” mukofoti bilan ham taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ilk kosmonavtini 2028 yilda kosmosga uchirishi ma’lum qilingandi. “O‘zbekkosmos” agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, kosmonavtni tayyorlashda hukumat komissiyasi bo‘ladi va nomzodlar saralab olinadi.