Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotining bu yilgi g‘olibi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

2023 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti norvegiyalik dramaturg Yun Fossega nasib qildi. Bu haqda Shvetsiya akademiyasining Nobel qo‘mitasi ma’lum qildi.

“Yozuvchi tushunib bo‘lmaydigan narsalarni ifodalashga imkon beradigan innovatsion pesalari va nasriy asarlari uchun laureat bo‘ldi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Laureat nomini e’lon qilgan Shvetsiya akademiyasining doimiy kotibi Mats Malmning so‘zlariga ko‘ra, dramaturg mukofotga loyiq ko‘rilgani haqida eshitganida o‘z mashinasida dachasiga ketayotgan bo‘lgan. 

Fosse 1959 yilda tug‘ilgan. U Norvegiyaning Bergen shahrida yashaydi. Birinchi asarini 1983 yilda sahifalarga muhrlagan yozuvchi turli janrlarda 40 ta kitob chop etgan, ular shuncha tilga tarjima qilingan. Fosse Yevropadagi eng mashhur dramaturglardan biridir. Uning pesalari 800 martaga yaqin sahnalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 2022 yilda fransuz ayoli Anni Ernoga, bir yil avval tanzaniyalik nosir Abdulrazzoq Gurnaga, 2020 yilda esa AQSHlik shoir Luiza Glyukga nasib etgan. 1901 yildan 2022 yilgacha jami 119 kishi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan, ulardan 17 nafari ayollardir.

Ertaga, 6 oktyabr kuni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati nomi Osloda e’lon qilinadi. Iqtisod bo‘yicha mukofot sohibi esa 9 oktyabr kuni Stokgolmda aniqlanadi. Oltita Nobel mukofotining barcha g‘oliblarini topshirish an’anaga ko‘ra 10 dekabr – Alfred Nobel vafot etgan kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq fizika, tibbiyot va kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' mukofoti adabiyot Yun Fosse

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing