Shavkat Mirziyoyev bir guruh madaniyat xodimlarini taqdirladi (video)
Madaniyat-san’at
−
13:03 3110 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28 maydagi farmoni bilan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Bugun, 1 iyun kuni poytaxtdagi Xalqaro kongress markazida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari tadbirda so‘zga chiqib, mamlakat qudrati nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki uning ma’naviyati, madaniyati, adabiyot va san’ati bilan ham belgilanishini ta’kidlagan.
“Qaysi millatning adabiyoti boy, musiqasi yurakka yaqin, teatri hayotiy, kinosi ta’sirchan, san’ati jozibador bo‘lsa, o‘sha xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi”, degan Prezident.
Ijod ahlining fidoyi mehnati tufayli jamiyatda milliy ruh mustahkamlanayotgani, xalq tafakkuri yuksalayotgani, yoshlar qalbida ezgulik, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ulari chuqur joy olayotgani alohida qayd etilgan.
Davlat rahbari sohaning 167 nafar ilg‘or vakili yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganini mamnuniyat bilan ta’kidlagan. Ular orasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, xalqning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan yozuvchi va shoirlar, xonanda va sozandalar, raqs ustalari, opera ijrochilari va bastakorlar, teatr, kino va sirk san’ati namoyandalari, baxshilar va askiyachilar, hunarmand va rassomlar, madaniy meros, muzey va kutubxona xodimlari, ustoz va murabbiylar borligi barchamizga faxr bag‘ishlashi e’tirof qilingan.
“Shu bilan birga, bugun oramizda bo‘lmasada, so‘zi, kuy-qo‘shig‘i, ijodi va butun hayoti bilan xalqimiz qalbida mangu yashab kelayotgan adabiyot, madaniyat va san’at darg‘alarining muqaddas xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Ularning 24 nafari davlat mukofotlari bilan vafotidan so‘ng taqdirlandi”, deyiladi xabarda.
Marosimda Prezident mukofot sohiblariga faxriy unvonlar, orden va medallarni tantanali ravishda topshirgan.
Davlat rahbari mukofotlanganlarni butun xalq nomidan samimiy tabriklab, yuksak e’tirof ularni yangi-yangi ijodiy yutuqlarga ilhomlantirishini ishonch bilan ta’kidlagan.
Mukofotlanganlar yuksak hurmat va e’tibor, madaniyat rivoji va ijodkorlarga yaratilayotgan keng sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirgan.
Live
Barchasi