Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti “Shaytoniy tango” muallifiga berildi

Olam

image

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkaiga berildi. Bu bugun, 9 oktyabr kuni Nobel qo‘mitasining rasmiy saytida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, 2025 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti “apokaliptik dahshat sharoitida ham san’at qudratini yana bir bor tasdiqlovchi, kuchli va bashoratli ijodi uchun” vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkaiga topshiriladi.

Krasnaxorkai 1954 yilda Ruminiya chegarasiga yaqin joylashgan Vengriyaning janubi-sharqidagi Gyula shaharchasida tug‘ilgan. Yozuvchining birinchi asari – “Shaytoniy tango” romani 1985 yilda nashr etilgan bo‘lib, 1994 yilda ushbu asar asosida film suratga olingan. Ijodiy faoliyati davomida u o‘nlab kitoblar yozgan, ayrim asarlari ekranlashtirilgan, shuningdek, bir opera sahnalashtirilgan.

Nobel mukofoti yozuvchining ijodi e’tirof etilgan birinchi yirik mukofot emas. Krasnaxorkai ilgari ham bir qator nufuzli sovrinlarga sazovor bo‘lgan, jumladan, Xalqaro Buker mukofoti (2015), AQSH Milliy kitob mukofoti – tarjima qilingan adabiyot yo‘nalishida (2019) va Vengriyaning eng yuqori davlat mukofoti – Koshut (2004).

Mashhur adabiy tanqidchi Syuzan Zontag uni “apokalipsisning zamonaviy venger ustasi” deb atagan.

O‘tgan yillardagi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari

2024 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti janubiy koreyalik yozuvchi Xan Ganga berilgandi. Xan Gan 1970 yilda Kvanju shahrida tug‘ilgan. Uning go‘sht iste’mol qilishni to‘xtatishga qaror qilgan ayol haqida yozilgan “Vegetarian” romani 2016 yilda “Man Booker” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.

2023 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti norvegiyalik dramaturg Yun Fossega nasib qilgandi. Laureat nomini e’lon qilgan Shvetsiya akademiyasining doimiy kotibi Mats Malmning so‘zlariga ko‘ra, dramaturg mukofotga loyiq ko‘rilgani haqida eshitganida o‘z mashinasida dachasiga ketayotgan bo‘lgan.

2022 yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti fransuz ayoli Anni Ernoga berildi. Erno mukofotni begonalashuvning kelib chiqishi va shaxsiy xotiraning jamoaviy cheklovlarini ochib bergan jasorati va klinik aniqligi uchun olgan.

Mukofot 2021 yilda tanzaniyalik nosir Abdulrazzoq Gurnaga, 2020 yilda esa AQSHlik shoir Luiza Glyukga nasib etgan. 1901 yildan 2022 yilgacha jami 119 kishi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan, ulardan 17 nafari ayollardir. 

Mukofotlar 1901 yildan beri berilib kelinmoqda

Besh xil Nobel mukofoti (fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik mukofoti) dinamit ixtirochisi Alfred Nobelning irodasi bilan ta’sis etilgan va 1901 yildan beri berilib kelinmoqda. 1969 yildan boshlab, Shvetsiya banki tashabbusi bilan Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha Nobel mukofoti norasmiy ravishda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti deb ham ataladi. Tinchlik uchun Nobel mukofoti Norvegiya poytaxti Osloda, qolganlari Shvetsiya poytaxti Stokgolmda topshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' Laslo Krasnaxorkai Shaytoniy tango

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing