“Activist”ning daragi chiqdi yoxud Hojiakbar Nosirov qayerda?
Jamiyat
−
03 may 2023
42651Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining mahsulotlar sifati va ularning yaroqliligi haqidagi tanqidiy videolari bilan tanilgan bloger Hojiakbar Nosirov (“Activist”)ga qarshi ikkita ma’muriy, bitta jinoiy ish ochilgani, jinoiy ish tovlamachilik jinoyati bo‘yicha qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra bloger ayni paytda ozodlikka chiqarilgan.
Ma’lum qilinishicha, Hojiakbar Nosirov sud tomonidan belgilangan ma’muriy qamoq jazosini o‘tab, joriy yilning 23 aprel kuni soat 16:00 da qo‘yib yuborilgan.
Unga nisbatan ma’muriy va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Hojiakbar Nosirov shu yilning 8 aprel kuni 15 sutkaga qamalgandi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. U savdo do‘konlarida sotilayotgan turli yogurt mahsulotlarining hammasi harom ekanini aytib, ularni iste’mol qilmaslik haqida videolavha e’lon qilgan.
Keyinchalik O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi Nosirov harom deb aytgan karmin E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz ekanini ma’lum qilgandi.