“Activist” Hojiakbar Nosirovning nega qamalgani ma’lum qilindi

3-sahifa

image

O‘zining mahsulotlar sifati va ularning yaroqliligi haqidagi tanqidiy videolari bilan “Activist” nomi orqali tanilgan Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalgani tasdiqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning aprel oyida 1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Hojiakbar Nosirov tomonidan savdo do‘konlarida sotilayotgan turli yogurt mahsulotlarining hammasi harom ekanligi bois ularni iste’mol qilmaslik haqidagi fikrlarini aks ettiruvchi videolavha e’lon qilingan.

Holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, unda Hojiakbar Nosirov fuqarolarga turli ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mahsuloti bo‘lgan yogurtlarning tarkibida “karmin” moddasi borligi sababli ularni iste’mol qilish mumkin emasligi xususidagi fikrlarini bildirgani aniqlangan. U tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda, o‘z tashabbusiga ko‘ra, shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqib  fikrlarini bildirgani aytilmoqda. 

Boshqarmaning eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas. Ayniqsa, alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday ma’lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirilishi aytilgan IIBB bayonotida. 

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida Hojiakbar Nosirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3- (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddalari (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)ga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan Hojiakbar Nosirovga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Hojiakbar Nosirovning jamoasi avvalroq uning qamalgani haqida ma’lumot berib, rasmiy tashkilotlardan aynan qaysi ishlatgan so‘z yoki kontenti diniy ekstremizmga aloqador ekanligini isbotlab berishni so‘ragan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Hojiakbar Nosirov Activist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing