Advokati kiritgan shikoyatni “Activist” qaytarib oldi
Jamiyat
−
14 aprel 2023
15484“Activist” nomi bilan tanilgan bloger Hojiakbar Nosirovning advokati tomonidan sudga apellyatsiya shikoyati berilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar qildi.
Qayd etilishicha, mazkur ish bo‘yicha bugun, 14 aprel kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga huquqbuzar H.N.ning advokati S.I. tomonidan apellyatsiya shikoyati kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, sud majlisi bugun, 14 aprel kuni soat 15:00 ga tayinlangan.
Huquqbuzar H.N. tomonidan advokatning shikoyatini ko‘rmasdan qoldirish haqidagi ariza keltirilgani sababli ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalgandi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. U savdo do‘konlarida sotilayotgan turli yogurt mahsulotlarining hammasi harom ekanini aytib, ularni iste’mol qilmaslik haqida videolavha e’lon qilgan.