“Activist”ga berilgan jazoda shaxsiy adovat bor – Kusherboyev

Jamiyat

image

“Activist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirovga “ko‘pirtirilgan” ayb qo‘yilib, adolatsizlik qilingan. Bu haqda Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev o‘zining Telegram'dagi kanalida yozib qoldirdi.

“Activist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirov men kuzatib boradigan kam sonli blogerlardan biri. Kecha uning 15 sutkaga qamalganini eshitib, bu voqeaga doir barcha xabar va munosabatlarni kuzatdim. Va blogerga “ko‘pirtirilgan” ayb qo‘yib, adolatsizlik qilingan, degan fikrga keldim”, deydi sobiq deputat.

Uning fikricha, blogerning yogurtlar bo‘yicha bildirgan fikri, ya’ni yogurtlar tarkibida karmin moddasi bor-yo‘qligiga oydinlik kiritilmagan.  

“Agar u aytgan yogurtlar tarkibida shunday modda bo‘lib, bu Islom diniga e’tiqod qiluvchilar uchun iste’molda mumkin emas bo‘lsa, bloger haqiqatni aytgan bo‘lib chiqadi. Biror bir mahsulot tarkibida musulmonlar uchun halol yoki harom modda bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berganlik, gapirganlik, qachondan beri diniy adovatni uyg‘otadigan bo‘lib qoldi? Qator kolbasa va boshqa oziq ovqatlar haqida halol so‘zini ishlatib reklama tarqatganlar unda nima uchun shu vaqtgacha javobgar bo‘lishmagan?” deya fikr bildirgan Kusherboyev.

Shuningdek, u blogerning aynan qaysi gapi yoki harakati jamiyatda diniy adovat uyg‘otganiga oydinlik kiritilmaganini aytib, tanqid qilgan.

Uning fikricha, blogerning yogurt haqidagi fikri ishlab chiqaruvchiga zarar yetkazgan, deb hisoblangan taqdirda kompaniyalar blogerni sudga berishi mumkin, bu jarayonga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bir tomonning yonini olib aralashishi kerak emas.

"IIB xodimiga bo‘ysunmaslik", degan modda istagan odamni ichkariga olib kirish uchun ishlatiladigan ayrim orsizlarning "dejurniy statyasi"ga aylanib qolgani sabab bu modda “straxovka” uchun qo‘yilgan, degan fikr tug‘ilmoqda. Agar diniy adovat moddasi sinsa, ushbu modda zaxirada turishi uchun. Yuqoridagilarga ko‘ra, “Activist” loyihasi asoschisiga berilgan jazoda diniy adovatdan ko‘ra ko‘proq shaxsiy adovat borga o‘xshaydi”, deydi Rasul Kusherboyev.

Eslatib o‘tamiz, “Activist” nomi orqali tanilgan Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalgandi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev Hojiakbar Nosirov Activist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing