Abxaziya rahbari iste’foga chiqishga tayyorligini bildirdi (video)
Olam
−
16 noyabr
4363Tan olinmagan Abxaziya respublikasida bo‘layotgan Rossiya bilan investitsion kelishuvga qarshi norozilik namoyishlari ortidan respublika rahbari Aslan Bjaniya iste’foga chiqishga rozi bo‘ldi. Bu haqda “Apsnipress” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Aslan Bjaniya bugun, 16 noyabr kuni muxolifat tomonidan uning Rossiyaga qochib ketgani haqidagi da’volar tarqatilganidan keyin bayonot berib, namoyishlar tugagandan so‘ng muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, u Tamish qishlog‘idagi maktabda o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida muddatidan oldin lavozimni tark etishga tayyorligini ham ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, u muddatdan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish sharti sifatida norozilik aksiyalarining tugatilishi va muxolifat vakillarining egallab olgan hukumat binolaridan chiqib ketishini talab qilgan.
Bjaniyaga ko‘ra, agar muddatdan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilsa, u yangi muddat uchun o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aslan Bjaniya muxolifat talablariga zid ravishda iste’foga chiqmasligini aytgan edi. Shundan so‘ng prezident matbuot xizmati Bjaniyaning Rossiya harbiy bazasi hududiga ko‘chirilgani haqidagi da’volarni rad etgan.
LiveBarchasi