Abxaziya parlamenti “prezident” iste’fosini qabul qildi
Olam
−
19 noyabr
1563Tan olinmagan Abxaziya Xalq majlisi (parlamenti) mamlakat “prezident”i Aslan Bjaniya iste’fosini qabul qildi. Bu haqda “Apsnipress” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bjaniya iste’fo haqidagi arizasini hokimiyat vakillari va muxolifat o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq taqdim etgan. O‘z navbatida, norozilik bildirayotganlar egallab olgan hukumat binolarini bo‘shatishga va’da bergan.
Davlat rahbari vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib vitse-prezident Badra Gunba tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Abxaziyada norozilik namoyishlari bir hafta oldin Rossiya bilan tuzilgan investitsiya bitimidan norozilik tufayli boshlangan. Namoyishchilarga ko‘ra, ular Rossiya bilan munosabatlarga qarshi emas, ammo rossiyalik oligarxlarning harakatlaridan va Bjaniyaning kelishuvni “o‘z manfaati yo‘lida ishlatishidan” xavotirda.
Namoyishlar davomida bir qancha muxolifat vakillarining hibsga olinishiga javoban norozilik bildiruvchilar hukumat binolari majmuasini, shu jumladan Xalq majlisi binosini egallab olgan va “prezident”ning iste’fosini talab qilgan edi. Bjaniya esa kelgusi saylovlarda ishtirok etishini va ko‘pmillatli Abxaziya xalqi o‘z yetakchisini kim deb tanlashini bilib olishni va’da qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aslan Bjaniya iste’foga chiqish haqida ariza bergan edi.
LiveBarchasi