Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi 5 ta yo‘nalish tanlash imkoniyati sabab talaba bo‘ldi
Jamiyat
−
29 avgust 2023
10013Abituriyentlarning 56,9 foizi beshtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyatidan foydalangan holda talabalikka tavsiya etilgan. Bu haqda Bilimni baholash agentligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovi natijalariga ko‘ra, 193 ming 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 180 mingga yaqini umumiy qabul parametrlari doirasida o‘qishga kirgan.
Ushbu ko‘rsatkichning baland bo‘lishiga 1 emas 5 ta yo‘nalish tanlash imkoniyatining joriy etilgani sabab bo‘lgan. Chunki bu abituriyentlarning qariyb 57 foizi ro‘yxatdagi birinchi yo‘nalishga kira olmagan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ularning:
• 77 520 nafari (43,1 foiz) – birinchi ta’lim yo‘nalishiga
• 102 279 nafari (56,9 foiz) – ikkinchi-beshinchi ta’lim yo‘nalishiga talabalikka tavsiya etilgan.
Shuningdek, talaba bo‘lishda abituriyentlarga yana bir – davlat granti ustuvorligini tanlash imkoniyati yaratildi. Bunda abituriyentlar ta’lim yo‘nalishlarini tanlayotganda “davlat granti ustuvorligi” bo‘limini tanlashlari kerak bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 42 ming 655 nafar abituriyent davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan bo‘lib, ularning 32 ming 818 nafari umumiy qabul parametrlari doirasida o‘qishga qabul qilingan. Shulardan 15 ming 715 nafari (47,9 foiz) ushbu imkoniyatdan foydalangan holda ikkinchi-beshinchi ta’lim yo‘nalishiga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan.
Davlat granti ustuvorligi bo‘limi belgilanmagan taqdirda mazkur abituriyentlarning aksariyat qismi birinchi ta’lim yo‘nalishiga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan bo‘lardi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil o‘qishni xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan test imtihonlarida jami 41 122 nafar talabgor ishtirok etdi. Ammo ularning 89,2 foizi o‘tish uchun belgilangan minimal 56,7 ballni ham yig‘olmagan.
LiveBarchasi