Abituriyentlarga OTM va yo‘nalish tanlash tartibi ma’lum qilindi

Jamiyat

image

Bugun, 25 iyuldan boshlab oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar uchun oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash jarayoni boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tanlov jarayoni joriy yilning 8 avgustiga qadar davom etadi hamda “avval test – so‘ng tanlov” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Abituriyentlar test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos ravishda 5 tagacha oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin. Shuningdek, har bir yo‘nalish bo‘yicha kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklini tanlash imkoniyati mavjud. Yo‘nalishlarni bitta OTM doirasida ham, turli oliy ta’lim muassasalari kesimida ham tanlash mumkin.

OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlash uchun abituriyent my.uzbmb.uz platformasiga kirib, “Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul” bo‘limi orqali “Xizmatdan foydalanish” hamda “OTT tanlash” tugmalarini bosishi lozim.

Shundan so‘ng tanlov ustuvorligi belgilanadi. Agar mavjud bo‘lsa, maqsadli qabul bo‘yicha ham tanlov amalga oshiriladi. Keyingi bosqichda fanlar majmuasiga mos ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari tanlanib, ma’lumotlar saqlanadi.

Yakunda telefon raqamiga yuborilgan SMS-kod kiritilib, tanlov tasdiqlanadi. Shundan keyin “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi. Agentlik ushbu hujjatni yuklab olib, saqlab qo‘yishni tavsiya qilgan.

Qayd etilishicha, abituriyentlar tanlovga oid ma’lumotlarini 8 avgustga qadar istalgan vaqtda tahrirlashi mumkin. Belgilangan muddat yakunlangach esa kiritilgan ma’lumotlarni o‘zgartirish imkoni bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 iyul kuni davlat oliy ta’lim va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlari yakuniga yetgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing