Abdullohiyonning o‘rniga Ali Bageri Kani vaqtincha Eron TIV rahbari bo‘ldi
Olam
−
20 may
4648Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda “Entekhab” axborot portali xabar berdi.
Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Moxber boshchiligidagi hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida Ali Bageri Kanining nomzodi tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, kecha, 19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.
Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.
Vertolyot qulagan joyda qutqaruv ishlari yakunlandi. Qurbonlarning jasadlari Sharqiy Ozarbayjon viloyatining markazi Tabrizga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Raisiyning dafn marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi.
LiveBarchasi