Abdukarim Mirzayevning qamoqqa olinishida O‘zbekistonning “qo‘li bormi”?
Jamiyat
−
19 dekabr 2020
29981Avvalroq, taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikatsiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti Abdukarim Mirzayev joriy yilning 11 dekabr kuni turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.
Jurnalist o‘ziga tegishli telefon raqami orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo‘lganlikda gumonlanib, politsiya tomonidan qo‘lga olingan, keyinroq qo‘yib yuborilgan. Hech qanday ayblov isbotlanmagan bo‘lsa-da, Abdukarim Mirzayevni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.
Abdukarim Mirzayev bilan bog‘liq holatga aniqlik kiritish, uning qo‘lga olinishida O‘zbekiston tomonidan rasmiy so‘rov bo‘lgan yoki bo‘lmaganini bilish uchun QALAMPIR.UZ Bosh prokuratura va Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni Mirzayevning qo‘lga olinishi bo‘yicha so‘rov bermagan. Mamlakatda unga nisbatan hech qanday jinoyat ishi ham ochilmagan.
“Bosh prokuraturada Mirzayev Abdukarimga nisbatan jinoyat ishi mavjud emas. Qidiruv ham e’lon qilinmagan”, dedi Shamsutdinov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
TIV esa hozirda ishni o‘rganayotganini va tez orada rasmiy bayonot bildirilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Abdukarim Mirzayev jurnalist, kinorejissyor va bloger. U 2010 yilda Qirg‘izistonda yuz bergan voqealarni yoritib bergan “Dardga davo istab” filmi bilan mashhur bo‘lgan. U jurnalistik faoliyati davomida “Poytaxt”, “Zamin” radiolari, “Yoshlar” teleradiokanalida ishlagan. So‘nggi vaqtlarda u YouTube`dagi diniy, falsafiy va ijtimoiy chiqishlari bilan yaxshi tanilgandi.
LiveBarchasi