Abbos AQSHni Yaqin Sharq mojarosiga yechim topolmaganlikda aybladi
Olam
−
11 noyabr 2023 7272 1 daqiqa
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Yaqin Sharqdagi mojaroga siyosiy yechim topmagani uchun AQSHni aybladi. Bu haqda u bugun, 11 noyabr kuni Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining Ar-Riyodda Yaqin Sharq va G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari qo‘shma sammitida so‘z ochdi.
“Amerika [Yaqin Sharqdagi mojaroga] siyosiy yechim topilmagani uchun javobgardir. Biz harbiy jinoyatchilarni xalqaro sudlarda ta’qib qilamiz, kelishuvga erisha olmagani uchun esa Qo‘shma Shtatlar javobgar bo‘ladi”, deydi Abbos.
Falastin Prezidenti AQSHni “Isroil bosqiniga barham berish uchun harakat qilishga” chaqirgan.
"G‘azo sektori Falastin davlatining ajralmas qismi va siyosiy yechim keng qamrovli bo‘lishi kerak", deya ta’kidlagan u.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni poytaxtida Falastin iltimosiga binoan chaqirilgan Arab Ligasi va IHTning navbatdan tashqari qo‘shma sammiti ochilgan. Sammit Yaqin Sharqdagi mojaroning hozirgi avj olishi bo‘yicha arab va Islom davlatlarining jamoaviy pozitsiyasini ishlab chiqish maqsadida ish boshladi.
Live
Barchasi