Ahvol Eron bilan urushdan oldingidan ham yomonroq bo‘lishi mumkin – Obama

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama mamlakat Eron bilan urushdan keyin avvalgi holatdan ham yomonroq vaziyatga tushib qolgan bo‘lishi mumkinligini bildirib, amaldagi Prezident Donald Tramp siyosatini tanqid qildi. Bu haqda u prezidentlik markazining rasmiy ochilishi arafasida NBC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Savollarga javob berar ekan, Obama Donald Trampning Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlash qarorini shubha ostiga olgan.

“Biz urush olib bordik, milliardlab dollar sarfladik, armiyamizga katta yuk tushirdik. Ko‘plab odamlar halok bo‘ldi va hozir qarasak, urush boshlanishidan oldingi nuqtaga qaytgandekmiz, hatto ehtimol undan ham yomonroq ahvoldamiz”, degan u.

Sobiq prezident AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumini ijobiy baholagan. Shu bilan birga, u o‘z prezidentligi davrida tuzilgan Eron yadroviy kelishuvini eslab o‘tgan.

“Eron yadroviy qurol yaratmaslikka rozi bo‘lgan edi. Biroq bu ma’muriyat yoki uning avvalgi ko‘rinishi ushbu kelishuvdan chiqib ketdi. Bu esa Eronning yadroviy salohiyatini yanada oshirishga olib keldi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp birinchi prezidentlik muddati davrida, 2018 yilda 2015 yilgi Eron yadroviy kelishuvidan chiqqan edi. Mazkur kelishuv Tehronning yadroviy qurol yaratish imkoniyatini cheklashga qaratilgan choralarni o‘z ichiga olgan.

Obama suhbat davomida mamlakatdagi siyosiy muhit haqida ham to‘xtalib o‘tgan. Uning fikriga ko‘ra, hozir AQSH qutblashuv va beqarorlik davrini boshdan kechiryapti hamda ko‘pchilik mamlakatning demokratiya, fuqarolik qadriyatlari va o‘zaro munosabati yemirila boshlaganini his qilmoqda. Obamaning aytishicha, yangi prezidentlik markazi odamlarga o‘tmishni emas, balki har bir insonda mavjud bo‘lgan fuqarolik mas’uliyatini eslatib turishi kerak.

“Har birimiz hukumat samarali ishlashi uchun mas’uliyat hissiga egamiz. Saylangan amaldorlarning javobgarligini ta’minlashda hammamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak”, degan AQSHning sobiq prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama o‘zga sayyoraliklar mavzusida ham Tramp bilan turli fikrlarga borgani xabar qilingandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing