SSV fuqarolarni hushyorlika chaqirdi

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda Navoiy va Samarqand viloyatida aholi o‘rtasida koronavirusga chalinish holatlari aniqlanmoqda. Shu sabab, bugun, 22 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini hushyorlikka chaqirib, bayonot bilan chiqdi.

“Hamon yurtimizda koronavirusni yuqtirganlar aniqlanmoqda. Jumladan, bugun kun davomida koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar 61 nafarni tashkil qilmoqda. Xavotirli jihati, ulardan 39 nafari aholi orasida qayd etilgan bo‘lsa, ulardan 24 nafari Samarqand, 15 nafari esa Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Hozirda ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat’iy karantinga olingan“, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda Navoiy viloyatida 66 nafar koronavirusga chalingan bemorlar qayd etilib, ularning barchasi ushbu hududda kasallikka chalingan, ularning orasida xorijdan kelganlar yo‘q. Shundan 2 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 64 nafari davolanmoqda. Navoiy viloyati bor yo‘g‘i 3 foiz sog‘ayish ko‘rsatkichi bilan kasallikdan davolanish bo‘yicha mamlakatimizda eng so‘nggi o‘rinda bormoqda. Vaholanki, mamlakatda sog‘ayish ko‘rsatkichi 81 foizdan oshgan.

Karantin qoidalariga qat’iy rioya etilmaganligi oqibatida viloyatda so‘nggi ikki haftada kasallikka chalinganlar soni keskin oshdi. Misol uchun, 20 may kuni 17 nafar, 21 may kuni 5 nafar qayd etilgan bo‘lsa, bugun soat 10.00 holatiga yana 15 nafar fuqaroda kasallik tasdiqlanib, viloyatda so‘nggi uch kunda virus yuqtirganlar 37 nafarga ko‘paydi. Kasallik tarqalishining asosiy o‘chog‘i Zarafshon shahri bo‘lib turibdi.

Shundan kelib chiqqan holda, Navoiy viloyati, shuningdek, boshqa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanayotgan boshqa hududlarda karantin qoidalarini kuchaytirish, Milliy gvardiya, Mudofaa va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamda mahalliy hokimlik vakillari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni samarali davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda.

“Ayni holatda nafaqat Navoiy yoki Samarqand viloyatlari, balki yurtimizning barcha hududlaridagi aholi ham hushyor bo‘lishlari, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishlari talab etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, jamoat joylarida to‘planmaslik, qo‘llaringizni tez-tez va yaxshilab yuvish, qo‘lni ko‘krakka qo‘yib salomlashish, tibbiy niqob taqishda davom etish kabi qoidalarga qat’iy amalga qilishlaringizni so‘raydi.

Shuningdek, muborak Ramazon hayiti bayrami arafasidamiz. Ushbu muqaddas kunda guruh-guruh bo‘lib, xonadonma-xonadon yurishlarni cheklash, turli marosimlarni o‘tkazmaslikni qat’iy so‘rab qoladi. Chunki atrofimizda kasallikka chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Demak, siz ham kasallikka chalinishingiz, uyga kelib, oila a’zolaringizga yuqtirishingiz ehtimoli kattaligini aslo unutmang. Bu esa juda jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Koronavirus yuqtirib olishning ehtimoliy xavfidan o‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling“, deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha 3006 kishida koronavirus aniqlandi. Kasallanganlarning 2492 nafari sog‘aygan. Bugungacha bemorlarning 13 nafari vafot etgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

278

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing