95 yoshli otaxon universitetni tamomladi. U yana o‘qishni davom ettirmoqchi 

Bu qiziq

image

95 yoshli Devid Marjot Britaniyaning Kingston universitetining eng keksa bitiruvchisiga aylandi. Qiziqarli jihati, u ilmiy faoliyatini davom ettirish niyatida. Bu haqda BBC ma’lum qildi. 

Nafaqadagi psixiatr kecha, 6 fevral kuni zamonaviy Yevropa falsafasi bo‘yicha magistr darajasini oldi. 

Surrey grafligida yashovchi doktor Marjot o‘zining navbatdagi tadqiqotlarini dastlab shifokor bo‘lganidan 72 yil o‘tib yakunladi. U 23 yoshida bakalavr darajasini olgan edi. 

Yillar davomida Buyuk Britaniya psixiatriya sanoatidagi o‘zgarishlar uni falsafa va zamonaviy kasblarda psixiatriyani qanday qo‘llash mumkinligini o‘rganish uchun yana ta’lim sohasiga qaytishga undagan. 
 
Bitiruv kechasida Devid Marjot o‘g‘li va kuyovi hamrohligida sahnaga chiqib, Kingston universiteti rektori, professor Xelen Lavildan diplomni qabul qilib olgan. 

Minbarda nutq qilgan qariya o‘qish uchun hech qachon kech bo‘lmasligini aytgan va taassurotlarini atrofdagilar bilan bo‘lishib, universitet jamoasiga minnatdorlik bildirgan. 

“Bu mashaqqatli ish edi va albatta xotiram avvalgidek emas, lekin menga jahon standartlariga javob beruvchi o‘qituvchilar ta’lim berganidan baxtiyorman va bu juda ijobiy tajriba bo‘ldi. Menimcha, hamma o‘zini sinab ko‘rishi juda muhim, hatto, qarigan bo‘lsa ham”, degan u.

Marjotning ta’kidlashicha, u yana o‘qishni davom ettirmoqchi. Agar qariya yangi kursga qabul qilinsa, universitetni 102 yoshida bitiradi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda 90 yoshli ayol magistrlik darajasini olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Britaniya universitet Kingston Devid Marjot falsafa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing