826 ta mahallaga “Open budget”ning 2-mavsumida qatnashish taqiqlandi
Jamiyat
−
08 aprel 2025 14053 1 daqiqa
“Tashabbusli byudjet” jarayonlarining o‘tgan yil 2-mavsum va joriy yil 1-mavsumida takroran g‘olib bo‘lgan 826 ta mahalla 2 mavsumga tanaffusga chiqarildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilgi 1-mavsum yakunlariga ko‘ra, 2 011 ta mahalla (jami mahalla soniga nisbatan 21 foiz) g‘olib deb topilgan. Bunda, ushbu mavsum doirasida 329 ta mahalla ilk marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, 2024 yilgi 2-mavsum doirasida g‘olib bo‘lgan 826 ta mahalla ushbu mavsumda ham takroran g‘olib deb topilgan. Shu munosabat bilan ushbu mahallalar uchun joriy yilgi 2-mavsum hamda 2026 yilgi 1-mavsumlarda tanaffus beriladi.
Bildirilishicha, mazkur mahallalar (shuningdek, ushbu mahallalarda joylashgan maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlar) navbatdagi ikki mavsum doirasida o‘z loyihalari bilan ishtirok eta olmaydi.
G‘oliblar ro‘yxatiga aniqlik kiritilgan hollarda har mavsum boshlanishidan avval tanaffus berilayotgan mahallalar ro‘yxati Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy sahifalari hamda “Ochiq byudjet” portalida e’lon qilib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2025 yilgi 1-mavsumida 3,2 trln so‘mlik 2 369 ta loyiha g‘olib deb topilgani xabar qilingandi.
Live
BarchasiIspaniya migrantlarni Seutani tark etishga majbur qilish uchun ularni suv va o‘tsiz qoldirmoqda
17:40
Toshkentdagi o‘pirilib tushgan yo‘l o‘tkazgich qurilishida 7,4 mlrd so‘m yeb yuborilgani ayon bo‘ldi
17:28