Yolg‘on pul va’dasi: o‘zbekistonliklar “Open budget” bo‘yicha ogohlantirildi
Jamiyat
−
21:12 726 1 daqiqa
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram-botlari orqali “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ovoz berish evaziga pul mukofotlari taklif etish holatlari keng tarqalib, turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu holatlar bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, va’da qilingan mablag‘lar berilmayotgani bo‘yicha fuqarolar tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuzlab murojaatlar kelib tushmoqda.
Ushbu holatda uchinchi shaxslar loyihalarga ovoz to‘plash maqsadida pul mablag‘lari yoki moddiy qiymatiliklar va’da qilgan holda fuqarolardan ovoz to‘plab, keyinchalik mukofotlarni bermasligi holatlari kuzatilmoqda.
“Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ovoz berish faqatgina “Ochiq byudjet” axborot portali, portalning Android va iOS tizimlarida ishlovchi mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi.
Bunda, amaldagi tartibga ko‘ra, berilgan ovozlar uchun hech qanday to‘lov talab etilmasligi bilan bir qatorda hech qanday moddiy rag‘batlantirishlar ham nazarda tutilmagan.
“Mukofotlar uchun emas, o‘zgarishlar uchun ovoz bering. Shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga taqdim etmang. Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, ovoz berish jarayoni 31 avgust kuni soat 23:59 ga qadar davom etadi.
Live
Barchasi