“Open budget”: Farg‘ona shahrida ovoz berish vaqtincha cheklandi
Jamiyat
−
21 avgust 950 2 daqiqa
“Tashabbusli byudjet”ning ovoz berish bosqichida Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahri ishtiroki vaqtinchalik cheklanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2026-yilgi 2-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan jami 23 551 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, shulardan 20 254 tasi ishchi komissiyalar tomonidan saralash bosqichidan ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida ayrim loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi (vakolatli organ) tomonidan loyihalarni amaldagi qonunchilikda belgilangan mezonlarga asosan qayta ko‘rib chiqish yuzasidan so‘rov yuborilgan bo‘lsa-da, Farg‘ona shahri ishchi komissiyasi tomonidan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi ta’minlanmagan.
Shu munosabat bilan, ishchi komissiya tomonidan loyihalar amaldagi mezonlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqilmagunga qadar Farg‘ona shahrida loyihalarga ovoz berish bosqichi vaqtinchalik cheklanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 iyulidan boshlab “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2026 yilgi ikkinchi mavsumi boshlangan edi.
Bunda:
- 15 iyuldan 3 avgustgacha – loyihalarni kiritish;
- 4-18 avgust kunlari – loyihalarni saralash;
- 19-21 avgust kunlari – targ‘ibot bosqichi;
- 22-31 avgust kunlari – ovoz berish bosqichi;
- 1-10 sentyabr kunlari – qo‘shimcha g‘oliblarni e’lon qilish bosqichi o‘tkaziladi.
An’anaviy ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra g‘olib loyihalar 1 sentyabr – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami kuni e’lon qilinadi.
Live
BarchasiIlhom Aliyev O‘zbekistonga keladi
21 avgust