O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotganlar 1000 nafardan kamaydi

Jamiyat

image
O‘zbekiston koronavirusni qachon yengib o‘tishi taxmin qilindi north_east

O‘zbekiston koronavirusni qachon yengib o‘tishi taxmin qilindi

Toshkent shahrida 25 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Ularning orasida 72 yoshli og‘ir ahvolda bo‘lgan odam ham bor. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

“Poytaxtdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 21 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, jami 25 bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi“, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 15 nafari Toshkent shahridan, 6 nafari Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Turkiyadan, yana 1 nafari Rossiyadan, yana 1 nafari Angliyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 17 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 9 nafari erkak, 12 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

Shuningdek, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning barchasi Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 1 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 72 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 28 yoshda.

E’tiborli jihati, joriy yil 30 mart kuni koronavirusga chalingan 72 yoshli bemor juda og‘ir ahvolda mazkur klinikaga olib kelingan. Uzoq vaqt sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor shifokorlarning samarali davolash muolajalaridan keyin infeksiyadan to‘liq tuzalgan bo‘lsa-da, boshqa hamroh kasalligi borligi sababli ixtisoslashgan shifoxonaga reabilitatsiya uchun o‘tkazildi.

Shuni ta’kidlash joiz, bugun O‘zbekistonda davolanayotganlar soni 1000 nafardan kamaydi. Hozirda davolanayotganlar soni 997 tani tashkil qilmoqda. Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 934 nafarga yetdi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha koronavirus infeksiyasi yuqtirganlar 1939 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning bemorlarning 8 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor

 

Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

148

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing