7 yillik iztirob. Sportdan haydalgan Zafar Imomxo‘jayev
Sport
−
13 iyun 2023
17019O‘zbekiston futbolsevar yurt. Mamlakatdagi har bir futbol ixlosmandi sevimli jamoasidan g‘alabalar kutadi, qo‘llab-quvvatlaydi va joyi kelsa tanqid qiladi. QALAMPIR.UZ'ning bu safargi suhbatdoshi o‘z vaqtida “Futbol sharhi” dasturi orqali o‘zbek futboliga yetarlicha ko‘zgu tuta olgan jurnalist va bugungi kunda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) matbuot va media departamenti direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan Zafar Imomxo‘jayev.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda futbol, boks, og‘ir atletika, dzyudo, taekvondo va sport kurashlari kabi sport turlari yaxshi rivojlanayotgani bor gap. Natijalarni ham e’tiborga javoban yaxshi, deb aytish mumkin, biroq hali ko‘pgina sport turlari bo‘yicha O‘zbekistonda yetarlicha ishlar qilinishi kerak. Bu esa ham vaqt, ham mablag‘ talab qiladigan masala hisoblanadi. Boz ustiga, 2025 yil Toshkentda yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan poytaxtda Olimpiya shaharchasi bunyod etilmoqda. Qiymati 289 million dollardan ziyod bo‘lgan loyiha Toshkent shahrini yirik sport markaziga aylantirishi kutilmoqda. O‘z navbatida sportchilarga yaratilayotgan imkoniyatlardan kelib chiqib, ulardan kutiladigan natijalarning ham salmog‘i oshishi tabiiy.
Xo‘sh, hozirda O‘zbekistonda sport infratuzilmasi qay holatda? Mamlakatda sport rivoji yo‘lida qaysi rivojlangan mamlakatlardan tajribasidan foydalanilmoqda?
Yuqoridagi savollarga Zafar Imomxo‘jayev atroflicha javob qaytardi.
Ma’lumki, Zafar Imomxo‘jayev “Sport” telakanalidagi ko‘p yillik faoliyati bilan tanilib ulgurgan. Imomxo‘jayev muallifligidagi "Futbol sharhi" dasturi ham anchagina kuzatuvchiga ega edi. Ushbu dastur mutaxassislar ishtirokidagi tahlillar va o‘rinli tanqidlar bilan o‘zbek futboli ishqibozida katta qiziqish uyg‘ota olgani shubhasiz, biroq 2016 yil boshida bugungi kunda O‘zbekiston professional futbol ligasi rahbari bo‘lib faoliyat yuritayotgan Diyor Imomxo‘jayev muallifligidag “Sokker klub” ko‘rsatuvi ta’sirida Imomxo‘jayevlar vazifasidan ozod etildi.
E’tiborlisi, Zafar Imomxo‘jayev o‘sha vaqtda ishdan olingani bo‘yicha hech qayerda izoh bermagandi. Oradan 7 yil o‘tib, mutaxassis yuqoridagi holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ' ga barcha sirlarni ochdi.
“Ochig‘i men bu haqda hali biror joyda gapirmaganman. O‘sha paytlar juda ko‘p murojaatlar bo‘lgan, lekin o‘shanda gapirishni xohlamaganman. Haqiqatdan ishdan ketganman. Ishdan ketganimdan keyin ham 7 oy hech qayerga ishga olishmagan. 2015 yil dekabr oyida Diyor Imomxo‘jayevning “Sokker klub” ko‘rsatuvi efirga ketganidan so‘ng, telekanaldan mening hamma sharhlarim olib tashlandi. Ozroq vaqtdan keyin telekanal direktori va o‘rinbosari ham ishdan olindi. “Futbol sharhi” va “Sokker klub” ko‘rsatuvi faoliyati to‘xtatildi. Yangi yil ta’tilidan so‘ng ishga chiqdim. 4 yanvar kuni chaqirib, ishdan bo‘shashimni so‘rashdi. Sababini so‘raganimda ish beruvchi shuni xohladi, deb aytishdi. 17 yil ishlagan dargohimni eshigini qattiq yopgim kelmadi. Arizamni yozdim va ishdan bo‘shadim”, deydi Zafar Imomxo‘jayev.
Hozirda Zafar Imomxo‘jayev faol sport targ‘ibotchisi sifatida MOQda faoliyat yuritmoqda. Mutaxassisning sharhga qaytishi esa vaqt ixtiyoriga topshirilgan masala hisoblanadi.
LiveBarchasi