7 mlrd xarajat, 20 mlrd daromad. “Dunyo sadolari” bu yil qancha foyda oladi?
Madaniyat-san’at
−
17 avgust 9047 2 daqiqa
Xabaringiz bor, 15 avgustdan 17 avgustgacha 3 kun mobaynida Andijon viloyatining Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” festivali bo‘lib o‘tmoqda. 3 yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan bu tadbir har yili shahar iqtisodi uchun ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda. Misol uchun, 2024 yilgi festivalga qariyb 7,5 milliard so‘m sarflanib, savdo aylanmasi 20 milliard so‘mdan oshgan. Shahar 2 million mehmonni qarshi olgan. Bu safargi festivaldan esa yanada yuqori natijalar ko‘zlanmoqda va dasturlarga bir qancha yangi tashabbuslar kiritilgan.
“Yildan yilga baravariga, misol uchun, birinchi yilga nisbatan ikkinchi yilda besh baravar iqtisodiyot ko‘tarilgan bo‘lsa, bu yilda festivalning birinchi kunining o‘zida Xonobod shahar iqtisodiyoti 7 baravarga ko‘tarildi va savdo nuqtalari soni 7 baravarga oshishi hisobiga biz hisobni chiqaryapmiz”, dedi Xonobod shahar hokimi Elyorbek Xolmirzayev.
Geografik jihatdan ideal hududda joylashgan shaharga yanada ko‘proq turistlarni jalb qilish uchun yangi loyihalar ustida ishlanmoqda.
“O‘zbekistonning eng sharqiy nuqtasi, quyosh chiqar hududi bo‘lgan Xonobod bugun har qanday holatda turistlarni kutib olish darajasiga yetib keldi. Biz kelajakda bu yerda xalqaro darajadagi sport musobaqalari, ilmiy konferensiyalar, intellektual tanlovlarni va davlat dasturidagi programmalarni o‘tkazishimiz mumkin”, dedi u.
Qolaversa, Xonobod shahri 24 soat ishlash rejimiga o‘tkazilgani va hudud yuzni tanib oluvchi kameralar nazoratida ekani ham sayyohlar uchun qulaylik yaratishi, ularning xavfsizligi uchun barcha sharoitlar ishga solingani aytib o‘tildi.
Tadbir tashkilotchilarining aytishicha, festivalga sarflanayotgan xarajatlar har yili turistlar oqimining ortib borishi hisobiga o‘zini oqlamoqda. Masalan, biz suhbatlashgan mahalliy kafe rahbari o‘tgan yili festival kunlarida 50 million so‘mgacha savdo qilganini, oddiy kunlarda esa bu ko‘rsatkich 10 million so‘mgacha yetishini aytdi.
Bu safargi festivalda jahon yulduzlari Mustafo Sandal, Arash, Alisha Chinay, “Arabesque” guruhi, o‘zbek estradasidan Munisa Rizayeva, Imron, Jaloliddin Ahmadaliyev, Shoxruhxon, Sevinch Mo‘minovalar ishtirok etishi mehmonlar tashrifini kuchaytirdi. Festivaldan 1 hafta oldin minglab xorijlik mehmonlar Xonobod shahriga kelib joylashib ulgurdi va tashriflar davom etmoqda. Tadbirning birinchi kuni 150 ming odam tashrif buyurgan bo‘lsa, 16 avgustda bu ko‘rsatgich 200 mingga chiqdi.
Live
Barchasi