5 asrlik chinorga ko‘z tegdi

Olam

image

Avvalroq, Ozarbayjonning Sheki rayonida joylashgan Xon saroyi YUNESKOning madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar bergan edik. Xabarda mazkur hududda 5 asrlik chinor borligi aytilgandi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas ushbu qadamjoga ko‘z tegdi. Kecha, 14 iyul kuni ushbu ko‘p asrlik chinorning katta shoxi Xon saroyini tomosha qilish uchun tashrif buyurgan sayyohlar ustiga quladi. 

Daraxtning qurigan shoxi sinib tushishi oqibatida 19 kishi jarohatlangan. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar berilmoqda. 

Jarohatlanganlarning 5 nafari Suriya, 2 nafari Rossiya fuqarolari ekani aytilmoqda. 4 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda. Ularning ikki nafari uchun poytaxt Bakudan malakali shifokorlar chaqirtirilgan. 

Mazkur hodisa Prezident Ilhom Aliyevning shaxsiy nazorati ostiga olingan. Voqea bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, respublika Bosh prokuraturasi, Madaniyat vazirligi, FVV xodimlari voqea joyiga yetib borgan. 

Eslatib o‘tamiz, Shekidagi Xon saroyi joriy yilning 7 iyul kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKOning 43-sessiyasida madaniy meros ro‘yxatiga qo‘shilgan edi. 

Xon saroyi Ozarbayjonda eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuruvchi tarixiy ob’ektlardan biri sanaladi. U XVIII asrga oid bo‘lib, 1790-1797 yillarda bunyod etilgan. Ikki qavatdan iborat saroyning umumiy balandligi 10 metr, eni 3 metrni, bino maydoni esa 300 m kvni tashkil etadi. Unda 6 ta xona, 4 ta yo‘lak, 2 ta oynavand ayvon mavjud. Inshootning tashqi va ichki devorlari ozar xalqi tarixidan hikoya qiladi. Unda ov va urush sahnalari aks etgan suratlarni ko‘rish mumkin. Devorlarda mingga yaqin qiyofalar aks etgan, biroq ular bir-birini takrorlamaydi. 

Saroy nafaqat Ozarbayjon yo Kavkaz, balki Islom dunyosi tarixi uchun ham o‘ta ahamiyatli ob’ekt sanaladi. U 1848-1851, 1955-1965, 2002 yillarda restavratsiya qilingan. 

2001 yilning 24 oktyabr kuni ushbu tarixiy inshootni YUNESKOning madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif yuborilgan. Oradan 18 yil o‘tib, bino ushbu ro‘yxatga kiritildi. 

Xon saroyiga kiraverishdagi 5 asrlik chinor daraxti 1530 yilda ekilgan. Saroyni tomosha qilish uchun kelgan sayyohlar mana shu daraxtning yonida suratga tushmay qaytmaydi. Aslida qal’a va saroy atrofida bunday daraxtlar ko‘p bo‘lgani aytiladi. Biroq, o‘tgan yillar davomida faqat shu daraxt saqlab qolingan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Sheki Xon saroyi Sheki rayoni

Baholaganlar

12

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing