Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi

Olam

image

Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning Ukrainadagi elchixonalari Rossiyadan “kuchli o‘qqa tutish” tahdidi fonida o‘z fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirgan murojaatlar bilan chiqdi.

Ozarbayjon elchixonasi fuqarolarni mahalliy hokimiyat ko‘rsatmalariga rioya qilishga, havo hujumi signali eshitilsa, xavfsiz joylarga boshpana olishga chaqirdi. Shuningdek, 21-22 noyabr kunlari Ozarbayjonning Kiyevdagi elchixonasida konsullik qabuli o‘tkazilmasligi xabar qilingan.

Qozog‘istonning Ukrainadagi elchixonasi ham o‘z fuqarolariga mamlakatni tark etishni tavsiya qildi. Diplomatlar Qozog‘iston fuqarolarini Ukrainadagi faol harbiy harakatlar sodir bo‘lgan hududlarga yaqin hududlarni tark etishlari yoki bu mamlakat hududini tark etishlari kerakligi haqida ogohlantirgan. Bunga sabab sifatida otishmalarning kuchaygani aytilmoqda.

Diplomatik missiyaning eslatishicha, Qozog‘iston fuqarolari Ukrainani tark etish uchun Polsha yoki Moldova orqali o‘tadigan yer usti transportidan foydalanishi, keyin esa u yerga samolyotda yetib borishi mumkin.

“Elchixona barcha fuqarolarni havo hujumi haqidagi ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirmaslikka va zudlik bilan boshpana olishga, o‘z xavfsizlik choralariga rioya qilishga va rasmiy idoralarning tavsiyalariga amal qilishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston diplomatik missiyasi ham Ukrainada istiqomat qilayotgan respublika fuqarolariga xavfsizlik choralarini kuchaytirish yoki mamlakatni tark etishni tavsiya qilgan.

“Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi respublika fuqarolariga shaxsiy xavfsizlik choralarini kuchaytirishni va zarurat tug‘ilganda vaziyat to‘liq barqarorlashgunga qadar Ukraina hududini tark etishni qat’iy tavsiya qiladi”, deyiladi elchixona xabarida.

Shunga o‘xshash bir qator bayonotlar AQSHning Kiyevdagi elchixonasining Rossiya qo‘shinlari tomonidan ommaviy o‘qqa tutilishi mumkinligi haqidagi “aniq ma’lumotlar”ni e’lon qilishi bilan boshlandi. Keyinchalik yuqoridagi kabi tavsiyalar Ispaniya, Italiya va Gretsiya elchixonalari tomonidan berildi.

Eslatib o‘tamiz, “The New York Times” gazetasi 17 noyabr kuni AQSHning uzoq masofaga uchuvchi qurollardan foydalanishga qo‘ygan taqiqi bekor qilingani haqida yozgandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, Moskvaning javobi adekvat va aniq bo‘lishini bildirdi. Kecha, 19 noyabrda esa Ukraina Mudofaa kuchlari birinchi marta ATACMS ballistik raketalari bilan Rossiya hududiga hujum qilgani va u nishonga muvaffaqiyatli urilgani xabar qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston Ozarbayjon Qirg'iziston Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing