2030 yilga borib “Yashil” energiya ishlab chiqarishni 40 foizga yetkazamiz – vazir o‘rinbosari

Jamiyat

image

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi muammosining jiddiyligini tan oladi va 2030 yilga borib yashil energiya ishlab chiqarishni 40 foizga yetkazadi. Bu haqda Energetika vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminov Ozarbayjonning Baku shahrida bo‘lib o‘tgan COP29 doirasidagi Markaziy Osiyoda energiyaga o‘tish bo‘yicha investitsiya forumida ma’lum qildi.

Vazirlik rasmiysining ta’kidlashicha, O‘zbekiston toza energiyaga o‘tish va uglerod bozorlarini rivojlantirish tarafdori. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika ham energiyani ko‘p iste’mol qiluvchi mamlakat bo‘lib, atmosferaga chiqayotgan chiqindilarning 70 foizi energetika sektoriga to‘g‘ri keladi.

“So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston o‘zining uglerod izlarini kamaytirish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiyalash va 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga intilmoqda. Qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi kamida 40 foizni tashkil etadi, shuning uchun ham bizning asosiy maqsadimiz – qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish”, degan Mamadaminov.

Vazir o‘rinbosari toza energiyaga o‘tishda chegaradosh davlatlar bilan transchegaraviy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik qilish muhimligini qo‘shimcha qilgan.

“Hozirda ko‘plab gidroenergetika loyihalari amalga oshirilmoqda, biz Qirg‘iziston va Qozog‘iston, shuningdek, Tojikiston bilan hamkorlikda ish boshladik”, deydi vazir o‘rinbosari.

Mamadaminovning aytishicha, hozirda barcha Markaziy Osiyo davlatlari uglerod bozori bo‘yicha o‘z strategiyasini ishlab chiqmoqda. O‘zbekistonda ham bu boradagi me’yoriy-huquqiy baza ishlab chiqilmoqda va 2024 yilning oxirigacha tayyor bo‘ladi.

Shuningdek, u iqlim bo‘yicha maqsadlarga erishish uchun moliya institutlarining hamkorligi va xalqaro hamjamiyatning yordami zarurligini ta’kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bakuda COP29 sammiti doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Umid Mamadaminov Baku shahri Energetika vaziri o'rinbosari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing