400 ming ukrainalik Rossiyaga majburan olib ketildi – Ombudsman

Olam

image

Joriy yilning 24 fevralidan beri 400 mingga yaqin ukrainalik Rossiyaga majburan olib ketilgan. Bu haqda Ukraina Ombudsmani Lyudmila Denisova “Euronews” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

“Fuqarolarimizni hududimizdan o‘z hududiga deportatsiya qilishdi. Ular o‘z xohishlari bilan chiqmadi, birinchi navbatda Donetsk viloyatidagi filtrlash lageriga majburan olib ketildi. Shundan so‘ng, ularni avtobusda Rossiyaga jo‘natishdi. Keyin esa ular poyezdda turli joylarga, xususan, Rossiya Federatsiyasining Saxalin kabi hududlariga olib borildi”, deydi u.

Denisovaga ko‘ra, urush boshlanganining dastlabki bir oyida birorta ham foydali gumanitar koridor yaratilmagan. 400 mingdan ortiq ukrainaliklar allaqachon Rossiyaga majburan ko‘chirilgan.

“Mariupoldagi vaziyat murakkab va o‘zgarmaydi. Binolarning aksariyati bomba va o‘qlardan vayron bo‘lgan. 20 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi”, deydi Denisova.

Ombudsman Rossiyani Ukraina harbiylarining kiyim-kechaklarini o‘g‘irlashda va ulardan jinoyat sodir etishda foydalanishda aybladi, shuningdek, Mariupolda sodir bo‘layotgan voqealarni genotsid deb ta’kidladi.

Avvalroq, Rossiya Ukrainaning qariyb 1,4 ming aholisiga 10 ming rubl miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgani haqida aytilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

26

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing