3 yil oldin o‘ldirilgan falastinliklar ommaviy dafn qilindi (video)
Olam
−
05 avgust 2288 2 daqiqa
G‘azo shahrida Isroilning 2023 yil noyabr oyida Sabra mahallasiga bergan zarbasida halok bo‘lgan 112 nafar falastinlikning ommaviy dafn marosimi o‘tkazildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dafn etilganlar Abu Shariat va Al-Hasayna oilalari a’zolari bo‘lib, ularning jasadlari qariyb uch yil davomida vayronalar ostida qolgan. Yaqinda qutqaruv guruhlari hodisa joyidan ularning qoldiqlarini topgan.
Marosimda minglab odam ishtirok etgan. Tobutlar Falastin bayroqlariga o‘ralgan holda G‘azo shahri ko‘chalari orqali olib o‘tilgan. Shuningdek, qurbonlarning suratlari joylashtirilgan bannerlar ham ko‘tarilgan.

Falastin rasmiylariga ko‘ra, 2023 yil 22 noyabrda sodir bo‘lgan hujumda ikki oilaning jami 308 nafar a’zosi halok bo‘lgan. Ular orasida 40 nafar bola, 30 nafar ayol va yetti nafar nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lgan.
Qutqaruv xizmatlari hozirgacha 100 dan ortiq jasadni vayronalar orasidan olib chiqqan. Shu bilan birga, taxminan 157 kishi hali ham bedarak deb hisoblanmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, ularning jasadlari vayronalar ostida qolgan bo‘lishi yoki taqdiri hanuz noma’lumligicha qolmoqda.
G‘azodagi Fuqaro mudofaasi xizmati ushbu marosimni anklavda urush boshlanganidan buyon o‘tkazilgan eng yirik ommaviy dafn marosimlaridan biri sifatida baholagan. Marosimda so‘zga chiqqan bir qator falastinlik faollar va jamoat arboblari bu voqea hali ham o‘z yaqinlarining jasadlari topilishini kutayotgan minglab oilalarning dardini aks ettirishini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, ushbu ommaviy dafn marosimi G‘azoda vayronalar ostida qolgan va bedarak deb hisoblanayotgan minglab insonlarni qidirish ishlari davom etayotgan bir paytda bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning 2023 yil oktyabridan buyon G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 73 377 nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi