3 yashar farzandiga zo‘ravonlik qilgan ayol onalikdan mahrum qilinishi mumkin
3-sahifa
−
18:33 913 2 daqiqa
Toshkent shahar Yashnobod tumanida 3 yoshli bolaga muntazam ravishda jismoniy zo‘ravonlik qilgani va unga uxlatuvchi dori bergani aytilayotgan ona ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga bir guruh fuqarolar murojaat qilib, qo‘shnisi A.T. ning 2023 yilda tug‘ilgan o‘g‘li A.I. ga nisbatan zo‘ravonlik qilayotganidan shikoyat qilgan.
Murojaatda ayol farzandiga muntazam ravishda jismoniy zo‘ravonlik qilishi, shuningdek, bolaga uxlatuvchi dori vositasini berib, uni qarovsiz va parvarishsiz qoldirayotgani bildirilgan.
Bolalar ombudsmanining rasmiy so‘rovi asosida holat IIB va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganishlar natijasida bolaga nisbatan muttasil tazyiq va qiynash holatlari yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bolaga himoya orderi ham rasmiylashtirilgan.
Hozirda bolaning salomatligini tiklash uchun zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda. Uning sog‘lig‘i barqaror va yaxshi holatda ekani ma’lum qilingan. Shuningdek, tuman vasiylik organi tomonidan bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, unga vaqtincha vasiylik ta’minlangan.
A.T. ni ota-onalik majburiyatlarini bajarmagani sababli onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha sudga taqdim etish uchun tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolalarga zo‘ravonlik haqida xabar berish uchun koll-markaz ishga tushgani haqida xabar berilgan edi. Bunda bolaga nisbatan zo‘ravonlik, beparvolik yoki uning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlarga guvoh bo‘lganlardan 1246 qisqa raqamli koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan edi.
Live
Barchasi