26 mlrd so‘mlik gazni o‘g‘irlagan “Hududgaz Buxoro” mansabdorlari qamaldi
3-sahifa
−
17 Sentabr 2023
7264Buxoro viloyatida 26 milliard so‘mlik gazni o‘g‘irlagan “Hududgaz Buxoro” mansabdorlari ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudida 26,1 milliard so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgan shaxslarga oid jinoyat ishi ko‘rilgan. Gap shundaki, sudlanuvchilar – M.H. va A.A.lar “Dildora” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.J. hamda “Osiyo Buxoro gaz” MCHJ rahbari J.S. bilan til biriktirib, energoresurslarini o‘g‘irlash jinoyatlarini sodir etgan.
Xususan, fuqaro M.H. 2022 yilning 15 avgustidan “Hududgazta’minot” AJning “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minot filiali metrologiya xizmati boshlig‘i vazifasida, A.A. metrologiya xizmati yetakchi muhandisi vazifasida ishlab kelib, mansab vakolatlaridan qasddan foydalangan. Ular jamiyat rahbarlari – A.J. va J.S.lar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan. Mazkur shaxslar jamiyatga qarashli gaz quyish shoxobchalarga kelgan alohida tabiiy gaz quvurining ulanish nuqtasiga o‘rnatilgan “Avtopilot-PRO” rusumli gaz hisoblash uskunasi o‘rnatilgan xonaning eshigini tamg‘alamasdan, gaz hisoblagich uskunasidagi mavjud implyus trubkasi tamg‘asini hech qanday hujjatsiz almashtirilgan.
Oqibatda ular “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining jami 26,1 mlrd so‘mlik juda ko‘p miqdordagi tabiiy gazni o‘g‘irlab, yashirin ravishda talon-toroj qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4 -qismi “a” bandi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari bilan aybli deb topilgan A.J., J.S.lar 11 yil, A.A. va M.H.lar esa 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Shuningdek, ayblanuvchilar tomonidan 6 mlrd so‘m zarar qoplangani sababli, qolgan 20,1 mlrd so‘m zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilangan.
LiveBarchasi