25 yillik yopiq rejimdan so‘ng hattoki jurnalistlarimizni ham ichki senzura butunlay tark etgani yo‘q – Allamjonov

Jamiyat

image

Bugun, 11 oktyabr kuni Samarqandda YeXHTning Vena shahridagi ishtirokchi davlatlar doimiy vakillari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari ishtirokida “O‘zbekistonda OAV erkinligi masalalari” mavzusida xalqaro davra stoli bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov va agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, nutq so‘zladi. 

Xalqaro davra stolida xorijlik mehmonlar O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirilgan.  

“Afsuski, uzoq yillar “xalqimiz so‘z erkinligiga tayyor emas” degan yolg‘on tamg‘a yopishtirilib, jurnalistlar uzoq yillik senzuraga mahkum etildi. Aslida odamlarimiz qanchalik erkin va dovyurak bo‘lganini to‘qsoninchi yillar boshidagi parlament sessiyalari ham tasdiqlaydi. Yaqinda “Youtube” orqali o‘sha tasmalarni ko‘rib, so‘z erkinligining haqiqiy va samimiy ko‘rinishiga guvoh bo‘ldim.

Yigirma besh yillik yopiq rejimdan so‘ng hattoki jurnalistlarimizni ham ichki senzura butunlay tark etgani yo‘q. Muammolarning barchasini bir zumda hal etish mumkin emas, biroq Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli sohadagi muammolar birin-ketin barham topyapti. Davlat rahbari jurnalist va blogerlarni qo‘llab-quvvatlayapti, tanqidiy materiallar yozishga chorlayapti. Bu – zamon va islohotlar talabi”, deydi agentlik direktori Komiljon Allamjonov.

Allamjonovga ko‘ra, O‘zbekiston yaqin kelajakda ochiqlik va oshkoralik tamoyilini yanada mustahkamlaydi va dunyodagi so‘z erkinligi, demokratiya qaror topgan mamlakatlar safiga qo‘shiladi.

Agentlik rahbari 2020 yilda So‘z erkinligi Markaziy Osiyo forumini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Komiljon Allamjonov EXHT

Baholaganlar

16

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing