210 nafar abituriyent maksimal va undan yuqori ball to‘pladi
Jamiyat
−
09 avgust
13022Bu yil davlat imtihonlarida 210 nafar abituriyent maksimal va undan yuqori ball to‘plagan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlarida 740 352 nafar abituriyent ishtirok etgan bo‘lib, ularning 418 ming nafardan ortig‘i yoki 56,5 foizi 56,7 dan yuqori ball to‘plab, tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 53,3 foiz edi.
Abituriyentlarning 210 nafari 189 va undan yuqori ball to‘plagan. 189 dan yuqori ball to‘plagan 91 nafar abituriyent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchilari bo‘lgan. Eng yuqori ball 217,4 bo‘lib, uni asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchisi qayd etgan.
Shuningdek, 189 va undan yuqori ball to‘plagan 210 nafar abituriyentning:
- 77 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan;
- 43 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari biologiya va kimyo bo‘lgan;
- 40 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari ona tili va adabiyot hamda ingliz tili bo‘lgan;
- 21 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari davlat huquq asoslari va chet tili bo‘lgan abituriyentlar hisoblanadi.
Shuningdek, abituriyentlarning 43 677 nafari (2023 yilda 25 661 nafar) chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan. Ularning 76 nafari maksimal ball to‘plagan.
Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar esa 13 142 nafarni (2023 yilda 3 255 nafar) tashkil etib, ulardan 118 nafari maksimal ball olgan. Ham umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga, ham chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar soni 4 259 nafar (2023 yilda 355 nafar) bo‘lib, shundan 74 nafari maksimal ball to‘plagan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda 189 dan yuqori ball to‘plaganlar 119 nafar bo‘lgan.
LiveBarchasi