2022 yilda qochqinlarga keragidan deyarli 8 mlrd dollar kam mablag‘ ajratiladi
Olam
−
08 dekabr 2021 3500 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari kelgusi yilda tashkilotning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligiga 1,054 milliard dollar ajratadi. 2023 yilda amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun yana 808 million dollar va’da qilingan.
"Men donorlarimiz ko‘rsatgan ishonchlari uchun minnatdorman. Bizga bu mablag‘lar qochqinlar, ichki ko‘chirilganlar va fuqaroligi bo‘lmagan odamlarga yordam ko‘rsatish uchun kerak. Bu ularga boshpana bergan mamlakatlar va hamjamiyatlar bilan birdamlikdan dalolat beradi", deydi Oliy komissar Filippo Grandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qiyin vaziyat hisobga olinadigan bo‘lsa, ajratilayotgan pul miqdori ham yetarli bo‘lmasligi mumkin.
"Millionlab odamlar mojarolar, iqlim o‘zgarishi, COVID-19 sabab o‘z uylarini tashlab ketishdi", deya qo‘shimcha qildi Grandi va vaziyatni yaxshilash uchun yanada qat’iy choralar ko‘rishga chaqirib.
Ma’lum qilinishicha, BMT qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining 2022 yilda 136 mamlakatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan operatsiyalar
uchun jami 8,994 milliard dollar so‘ragan. Ushbu mablag‘ning deyarli yarmi Yaqin Sharq va Afrikadagi millionlab odamlarning, shuningdek, Afg‘oniston, Efiopiya, Myanma yoki Venesueladagi uylarini tashlab ketganlarga yordam berish uchun sarflanadi.
Ta’kidlanishicha, ehtiyojmand odamlar soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Masalan, joriy yilda dunyoda 84 million kishi o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, ammo ularga sarflanadigan xarajatlar bir yil oldin rejalashtirilgan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi byudjetining deyarli barchasi ixtiyoriy xayriyalar hisobidan keladi. Joriy yilning 20 oktyabr holatiga ko‘ra, defitsit 48 foizni tashkil qilgan.
Live
Barchasi