2022 yilda ayol jurnalistlarning to‘rtdan uch qismi onlayn zo‘ravonlikka uchragan – Guterrish
Olam
−
03 may 2023
35052022 yilda kamida 67 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘lib, ayol jurnalistlarning deyarli to‘rtdan uch qismi onlayn zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan va har to‘rtdan biri jismoniy tahdidlarga duchor bo‘lgan. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun, 3 may kuni Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya davomida aytib o‘tdi.
“Media industriyasining bir necha kishi qo‘lida jamlanishi, o‘nlab mustaqil axborot tashkilotlarining moliyaviy tanazzulga uchrashi va jurnalistik faoliyatni bo‘g‘uvchi milliy qonun va qoidalarning ko‘payishi senzurani yanada kuchaytiradi va so‘z erkinligiga tahdid soladi”, deydi BMT rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda kamida 67 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘lgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 50 foizga ko‘pdir.
“Erkin jurnalistika barchamizga o‘z fikrimizni shakllantirishimiz va mavjud kuchlarga haqiqatni aytishimiz kerak bo‘lgan faktlarni beradi”, deydi u.
Shuningdek, ayol jurnalistlarning deyarli to‘rtdan uch qismi onlayn zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan va har to‘rtdan biri jismoniy tahdidlarga duchor bo‘lgan.
"Do‘q-po‘pisa va hujumlarni to‘xtating. Jurnalistlarni o‘z ishini qilgani uchun hibsga olishni va qamoqqa olishni bas qiling. Yolg‘on va dezinformatsiyani bas qiling", deya ta’kidlagan BMT Bosh kotibi.
Ma’lumot uchun, 1993 yil dekabr oyida UNESCO taklifi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni deb e’lon qilingan. Shunday qilib, bu yil u 30-marotaba nishonlanmoqda.