Durov YeIni Telegram’ga bosim o‘tkazishda aybladi
Olam
−
11 aprel 1098 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi o‘z nazoratidagi nodavlat tashkilotlar (NNT) va ommaviy axborot vositalari orqali kuzatuv hamda senzurani kuchaytirishga bo‘lgan urinishlarini oqlashga harakat qilmoqda. Bu haqda Telegram asoschisi va egasi Pavel Durov o‘z kanalida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning AI Forensics nodavlat tashkiloti Jorj Soros tomonidan moliyalashtiriladi va ushbu tashkilot Yevropa komissiyasi manfaatlari uchun ishlaydi.
“AI Forensics tashkiloti Telegram’ni muammo deb hisoblaydi, chunki odamlar boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi kontentni messenjerning yopiq guruhlarida muhokama qilishlari mumkin”, deb yozdi Pavel Durov.
Shuningdek, u France24 davlat telekanalining AI Forensics tadqiqotiga tayanilgan maqolasidan skrinshot ilova qilgan. Ushbu tadqiqotda aytilishicha, Telegram’ning qariyb 25 ming foydalanuvchisi bolalar pornografiyasi, dipfeyklar (sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta tasvirlar) va ayollarning roziligisiz olingan ochiq fotosuratlarini tarqatish hamda sotishda ishtirok etgan. Tadqiqot mualliflarining taxminicha, bunday materiallar uchun boshqa mashhur ijtimoiy tarmoqlar manba bo‘lib xizmat qilgan, messenjer esa “bog‘lovchi tugun” vazifasini bajargan.
“Ushbu “nodavlat” tashkilotning aql bovar qilmas iddaolari global nashrlar (“El Pais”, “Der Spiegel”, “Wired” va AFP) tomonidan tarqatilmoqda, ulardan esa Fransiyaning “erkin” matbuoti (“Le Parisien”, “20 Minutes”, “Ouest-France”, “Le Figaro”) nusxa ko‘chirmoqda”, deydi Pavel Durov.
U, shuningdek, jamoatchilikni manipulyatsiya qilishga qaratilgan bu kabi urinishlarning oldini olish zarurligini, chunki ulardan odamlardagi erkinlikni tortib olish uchun foydalanilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Telegram jamoasining bildirishicha, bu kabi noqonuniy mazmundagi hamjamiyatlarning boshqa ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgani, messenjerda bunday guruhlarning rivojlanishiga yordam beradigan tavsiya algoritmlari yo‘qligidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov o‘zining asosiy raqobatchisi WhatsApp’ga nisbatan keskin bayonot bilan chiqqandi. Xususan, u WhatsApp’dagi shifrlashni tarixdagi eng yirik firibgarlik bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi