2020 yilda qaysi futbol yulduzlari faoliyatini yakunladi?

Sport

image

Muxlislar uchun sevimli futbolchilarini maydonda boshqa ko‘rmaslik naqadar og‘ir bo‘lmasin, vaqt hammaga birdek ta’sir qiladi. Ma’lum bir muddat futbolsiz o‘tgan 2020 yilda bir qator nomdor futbolchilar faoliyatini yakunladi.

Quyida kaysi yulduzlar futbolni tark etgani haqida so‘zlashib, ularning faoliyatiga qisqacha nazar tashlaymiz.  

Daniyele de Rossi

Italiya terma jamoasi safida Jahon chempioni bo‘lgan De Rossi 2020 yilning fevral oyida faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 

Professional futbolchilik faoliyatini 2001 yilda boshlagan italiyalik “jangchi” Rim klubi “Roma”ning tayanchi edi. Biroq, De Rossi jamoadoshi Totti kabi bitta klubning futbolchisi bo‘lib qolmadi. U 2019 yilda Argentinaning “Boka Xuniors” klubiga o‘tdi. Bu uning orzusi edi.

Lekin, qahramonimiz Janubiy Amerikada uzoq qolmadi. U “Boka Xuniors” klubidagi yarim yillik faoliyati davomida atigi 7 uchrashuvda maydonga tushdi. So‘ngra faoliyatini yakunladi. 

“Faoliyatimni tugatishimning yagona sababi qizim Gayaning Rimda qolgani edi. U juda uzoqda”, deb tushuntirish bergan edi De Rossi.

Jahon chempioni, ikki bor Italiya kubogi g‘olibi, Italiya superkubogi sohibi va Argentina chempioni bo‘lgan De Rossida murabbiy bo‘lish rejasi bor.

Iker Kasilyas

Ispaniya terma jamoasi milliy libosida 2010 yil Jahon chempioni bo‘lgan Kasilyas 2020 yilning avgust oyida faoliyatini tugatdi. 

Professional futbolchilik faoliyatini 1998 yilda boshlagan ispaniyalik darvozabon “Real Madrid” klubining posboni edi. Jamoadagi uzoq yillik, muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng klub prezidenti Florentino Peresning bosimi ostida Kasilyas 2015 yilda jamoani tark etdi. Jonajon klubidan ketish Iker uchun orzudagidek kechmadi. Hayrlashuv marosimida esa, ko‘z yoshlarini yashirmaganlar yetarlicha bo‘ldi.  

Ishsiz qolgan tajribali darvozabonga “Arsenal”, PSJ, “Inter” va “Totenxem” kabi ko‘plab top klublardan takliflar bo‘ldi. Biroq, Iker Portugaliyaning “Portu” klubini ma’kul topdi va bu klub bilan ham bir qator sovrinlar yutishga muvaffaq bo‘ldi. 

Ehtimol, u yana bir necha mavsum maydonda qolishni istagandir, ammo, u 2019 yilning may oyida miokard infarktini boshdan kechirdi. Shundan so‘ng bir yil tanaffus oldi va 2020 yilda faoliyati tuganini e’lon qildi.

Iker Kasilyasda shahsiy yutuqlar ham, jamoaviy sovrinlar ham juda ko‘p. Ularning ichida esa Ispaniya terma jamoasi bilan erishgan Jahon chempionatining bosh sovini va o‘sha chempionatdagi oltin qo‘lqopning o‘rni o‘zgacha.

Orada 5 yil o‘tib qahramonimiz o‘zining haqiqiy uyi, “Real”ga qaytdi. U hozirda klub fondining yordamchi direktori vazifasida ishlamoqda.

Vensan Kompani

2018 yilgi Jahon chempionatining bronza medali sohibi, Belgiya terma jamoasi sardori Vensan Kompani 2020 yilning avgust oyida faoliyati tugaganini e’lon qildi.

17 yillik futboldagi faoliyati davomida Kompani “Anderlext”, “Gamburg” va “Manchester Siti” safida to‘r surib, bir qator yorqin davrlarni boshdan kechirdi. Ayniqsa, “shaharliklar” safida sermahsul o‘yin kursatib, 12 ta jamoaviy sovrin yutdi.

“Anderlext” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Vensan hozirda ushbu klubda murabbiylik qilmoqda.

“Men o‘zimni murabbiy roliga to‘liq bag‘ishlamoqchiman va buning uchun 100 foiz e’tibor qaratishim kerak. Shuning uchun ham men futbolchilik faoliyatimni yakunladim”, degan edi belgiyalik himoyachi o‘tgan yilning avgustida. 

Xaver Maskerano

2014 yilgi Jahon chempionatida kumush medali sohibi bo‘lgan, Argentina terma jamoasi safidagi o‘yinlari soni bilan rekord o‘rnatgan, himoyachi Xaver Maskerano ham 2020 yilda futbolchilik faoliyati tugatdi.

Braziliya va Argentina chempionatidan tashqari Maskerano Angliyaning “Vest Xem” hamda “Liverpul” klublarida to‘p surdi. “Barselona” safida esa, bir qator sovrinlar yutdi. Birgalikda ko‘plab g‘alabalar qilgan “Barselona” bilan himoyachi joriy yilning noyabr oyida hayrlashdi.

“So‘nggi oylarda shaxsiy hayotim bilan sodir bo‘lgan voqealar tufayli faoliyatimni yakunlash vaqti keldi. Men bu haqda doimo o‘ylardim va bugun bu eng to‘g‘ri qaror. Men har doim o‘z kasbimda yashab, unga borimni berdim. Ammo so‘nggi paytlarda qiyinlikni his qilyapman... Pandemiya va o‘yinlarning tiklanishidan so‘ng, men yana turtki his qilaman, deb o‘ylagandim, ammo muammo shuki, men buni qila olmadim”, degan edi Maskerano.

Xaver 2014 yilgi Jahon chempionati finalining Germaniyaga boy berilganidan afsuslanishi mumkinligini hisobga olmasak, u juda uzoq va muvaffaqiyatli yo‘lni bosib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

futbol Maskerano Kompani de Rossi

Baholaganlar

128

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing