2016 yildagi Prezident saylovida “Milliy tiklanish” yutqizishga tayyor bo‘lib maydonga kirgan

Intervyu

image

2016 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida “Milliy tiklanish” partiyasi nomzodi g‘olib bo‘lish uchun harakat qilmagan. Partiya saylovning natijalariga tayyor bo‘lib, maydonga kirgan. Bu haqda partiya raisi Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

Ma’lumki, O‘zbekistonda so‘nggi Prezident saylovi 2016 yilning dekabr oyida o‘tkazildi. Unda Shavkat Mirziyoyev (O‘zLiDeP), Sarvar Otamurodov (“Milliy tiklanish” DP), Narimon Umarov (“Adolat” SDP) va Hotamjon Ketmonov (Xalq demokratik partiyasi) o‘zaro kuch sinashgan. 

Sarvar Otamurodovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 2,35 foizi, Shavkat Mirziyoyevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foizi, Hotamjon Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki 3,73 foizi, Narimon Umarovni yoqlab 619 ming 972 nafar saylovchi yoki 3,46 foiz saylovchi ovoz bergan. 

Shuningdek, “Milliy tiklanish” partiyasi 2015 yilda o‘tkazilgan Prezident saylovida ham katta farq bilan g‘alabini boy berib, partiya nomzodi Akmal Saidov Islom Karimovga yutqazgan. U bor-yo‘g‘i 583 309 ta ovoz olgan. 

Xo‘sh, nega O‘zbekistonda uch nomzod to‘plagan ovozlar to‘rtinchi nomzodnikidan keskin farq qiladi? 

“Bu masalaga ikki tomonlama yondashish kerak. O‘tgan davrlardagi saylovlarda qayd etilgan natijalar nomzodlarning tom ma’noda harakat qilgani yoki qilmagani bilan ham bog‘liq. Men Birinchi Prezidentimiz davridagi saylovlar haqida gapirmoqchi emasman. Chunki, men o‘sha davrda bevosita qo‘lim bilan biror ish qilmaganman va ko‘zim bilan nimanidir ko‘rmaganman. Shuning uchun bu borada nimadir gapirishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Havodan olib gapirish mumkin, lekin bu to‘g‘ri bo‘lmaydi”, deydi Alisher Qodirov. 

Partiya raisiga ko‘ra, o‘sha vaqtda Prezident saylovida qatnashganlarning jasorati, saylovda yutishga ishonchi bo‘lmagan. 

“Bir narsani aytishim mumkin: partiyamizning nomzodlari natijaga tayyor bo‘lib targ‘ibot ishlarini olib borgan, deb hisoblayman. Chunki, biz o‘sha paytdagi dasturlar bilan tanishib chiqdik, chiqishlarni ko‘rdik, saylovchilarga murojaatlarni ko‘rdik va ularda biz bugun xohlayotgan g‘oyalar, partiyaning jamiyatni o‘zgartirish uchun berayotgan aniq takliflari shijoat bilan aytilmagan. Fikrimcha, ularning o‘zida ham ishonchsizlik bo‘lgan.  

2016 yilgi saylovda o‘zim ham bevosita ishtirok etganman va bu jarayonlarni juda yaxshi bilaman. Butun hurmatimni saqlagan holda aytamanki, partiya g‘olib bo‘lish uchun harakat qilmagan. Bu narsani tan olishimiz kerak”, deydi Alisherv Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda navbatdagi Prezident saylovi joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan. Markaziy saylov komissiyasi 23 iyuldan e’tiboran Prezident saylovi kampaniyasiga start berdi. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bilan to‘liq intervyuni quyida yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov Milliy tiklanish

Baholaganlar

130

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing